Avval xabar berganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti “Konstitusiya va qonun ustuvorligini ta`minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” to`g`risida qarorni qabul qildi. Unga ko`ra, davlat va jamiyat boshqaruvida, davlat organlarining kundalik faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xalq manfaati yo`lida xizmat qiladigan idoralarga aylantirish maqsadida 2020 yil 1 apreldan boshlab:
*shaxsni ushlab turish, unga prosessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi;
*huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan so`ng uning ushlangani va ushlab turilgan joyi to`g`risida uning oila a`zolaridan birini, ular bo`lmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish bo`yicha majburiyat yuklanadi.
2020 yil 1 iyuldan boshlab huquqni cheklaydigan prosessual majburlov choralarini qo`llash, jumladan shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.






