O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom noiblari o`rtasida har yili an`anaviy tarzda “Eng ma`rifatli imom” ko`rik tanlovi g`oliblari aniqlandi.
Tanlovning maqsadi bugungi talablarga javob beradigan, kuchli ilmiy salohiyatga ega, tashabbuskor, ilg`or fikrli, zamonaviy axborot texnologiyalaridan etarlicha foydalana oladigan va keng xalq ommasiga o`z fikrini etkazish qobiliyatiga ega bo`lgan eng iqtidorli, faol imomlarni aniqlash va qo`llab-quvvatlashdir.
Tanlov uch bosqichda: tuman-shahar, viloyat va Respublika miqyosida o`tkaziladi. Bundan avval joylarda tanlovning tuman-shahar va viloyat bosqichlari o`tkazilgan.
Shu yilning 12 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” majumasida tanlovning hal qiluvchi - Respublika bosqichi o`tkazildi. Unda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bosqichi g`oliblari ishtirok etdilar.
Ishtirokchilar Qur`oni karim qiroati va tafsiri, Aqoid, Fiqh ilmi, ijtimoiy-ma`naviy yo`nalishdagi savollarga javob berdilar. Shuningdek, yil davomida amalga oshirgan ishlari, OAVdagi ishtiroki, targ`ibot tadbirlari bo`yicha taqdimot qildilar.
Hakamlar hay`ati ishtirokchilarni belgilangan tizimda baholab bordilar. Yakuniy natijalarga ko`ra quyidagi ishtirokchilar yuqori o`rinlarni qo`lga kiritdilar:
1-o`ringa Toshkent shahri “Dorussalom” jome masjidi imom-xatibi Muhammadrahim Abduqodirov;
2-o`ringa Toshkent viloyati “Abdulqodir Maxsum” jome masjidi imom-xatibi Abdulbosit Nusratullaev;
3-o`ringa Farg`ona viloyati “Said Jalolxon to`ra” jome masjidid imom-xatibi Yunusxon Mamarasulov va Xorazm viloyati “Miskin bobo” jome masjidi imom xatibi Qo`ziboy Masharipov munosib ko`rildi.
Shuningdek, tanlovga hamohang ravishda yil davomida faol xizmat ko`rsatgan, fidoiy va o`z ishida namuna ko`rsatgan imomlar quyidagi yo`nalishlarda taqdirlandilar:
“Eng ko`p obuna uyushtirgan imom” – Andijon viloyati Asaka tumani “Xolid ibn Valid” jome masjidi imom-xatibi Parpiev Shahobiddin;
“Eng ko`p maqola chop etgan imom” – Toshkent viloyati “Sobirjon ota” jome masjidi imom-xatibi Ernazapov Sunnatulloh;
“Eng obod masjid” – Jizzax viloyati Jizzax shahri “Xo`ja Nuriddin hoji” jome masjidi;
“Eng intizomli imom” – Navoiy viloyati “Oqtosh” jome masjidi imom-xatibi Ergashev Dilshod;
“Eng faol imom” – Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani “Hazrati Imom” jome masjidi imom-xatibi Muxtorov Fazliddinga nasib etdi.
G`olib va sovrindorlar tanlovning maxsus diplomi va statuetkalari, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan qimmatbaho sovg`alar hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.






