O`zaro oilaviy kelishmovchiliklar yoki boshqa sabablar tufayli oilasidan ajrashgan ayrim otalarning voyaga etmagan farzandlari uchun qonunda ko`zda tutilgan aliment pulini to`lashdan bo`yin tovlayotgani haqidagi xabarlar bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida tez-tez yoritib kelinayotganidan barchamiz xabardormiz.
Ming afsuski, bu toifadagi shaxslar ushbu harakatlari milliy qadriyatlarimiz va milliy qonunchiligimizga zid ekanligidan xabardor bo`lsalarda, lekin voyaga etmagan farzandlarining ta`minotidan o`zlarini olib qochmoqchi bo`ladi.
Masalan, fuqaro A.Umarov (ismi familiyalari o`zgartirilgan) fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudining 2015 yil 27 iyul kungi sud buyrug`iga asosan bir nafar voyaga etmagan farzandining moddiy ta`minoti uchun jabrlanuvchi G.Umarova foydasiga har oylik daromadidan 1/4 qismi miqdorida aliment undirilishi belgilangan bo`lsada, G.Umarovaga jami bo`lib ikki oy va undan ortiq muddat mobaynida 19.920.000 so`m aliment pullarini to`lashdan bo`yin tovlab kelgan.
Ushbu ma`muriy ish Farg`ona shahar ma`muriy sudi tomonidan ko`rib chiqilib, sudning 2019 yil 19 noyabrdagi qaroriga asosan huquqbuzar A.Umarovga O`zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasi 1-qismi (voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash) 15 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlandi.
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasiga ko`ra, moddiy yordamga muhtoj bo`lgan voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash, ya`ni ularni moddiy jihatdan ta`minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug`iga binoan undirilishi lozim bo`lgan mablag`ni jami bo`lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to`lamaslik, shunday qilmish uchun ma`muriy jazo qo`llanilganidan keyin sodir etilgan bo`lsa, ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolashga sabab bo`ladi.
Sud majlisi yakunida huquqbuzar A.Umarovga qonunning mazkur talabi haqida tegishli tushuntirish berildi.
Solijon Kurbanov,
Farg`ona shahar ma`muriy sudining raisi






