AsosiyJamiyat

Xalq ta`limi vazirligi Turizm qo`mitasining ta`limni 5 kunlikka o`zgartirish taklifi vazirlik bilan kelishilmaganligini bildirdi

'Xalq ta`limi vazirligi Turizm qo`mitasining ta`limni 5 kunlikka o`zgartirish taklifi vazirlik bilan kelishilmaganligini bildirdi'ning rasmi

Ta`limni 5 kunga o`zgartirish, yozgi ta`tilni qisqartirib, qishkini uzaytirish foydami yoki zarar? 

O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasida yoshlar turizmini rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori loyihasini muhokama uchun e`lon qilgani haqida xabar bergandik.

Unda umumiy o`rta ta`lim maktablari, oliy va o`rta maxsus ta`lim muassasalarida besh kunlik o`qish tizimini joriy etish hamda turizm mavsumini uzaytirish maqsadida yozgi ta`til muddatini qisqartirish hisobidan qishki ta`til davrini uzaytirish taklifi berilgan.

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi yoshlar turizmini rivojlantirish masalasini qo`llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga qaror loyihasida keltirilgan takliflar Vazirlik bilan kelishilmaganligini hamda ularni faqat chuqur tahlil qilinganidan so`ng qabul qilish kerakligini bildiradi.

Xususan, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligida mazkur qaror bo`yicha bir necha savollar mavjud:

Birinchidan, hozirgi kunda ko`pchilik maktablarda ta`lim ikki yoki undan ortiq smenada olib borilmoqda. Maktablarda besh kunlik o`qish tizimini joriy etilishi esa bunday o`quv muassasalar sonini keskin oshiradi. Ya`ni o`quvchi o`rni va binolarga qo`shimcha talab keskin ortadi. Bu holatda Turizm qo`mitasi tomonidan Investisiya dasturiga maktablar uchun qo`shimcha mablag` ajratiladimi?

Ikkinchidan, ayni paytda aksariyat ota-onalarning mehnat faoliyati haftada olti kunni tashkil etadi. Bunday oilalarda shanba kuni bolalar xavfsizligini kim ta`minlaydi, degan savol kelib chiqadi. Bu holat yoshlar o`rtasida jinoyatchilikning o`sishiga sabab bo`lmaydimi?

Uchinchidan, yoshlarning hatto o`zi yashayotgan hududidagi turizm ob`ektlariga sayyohati ham mablag` talab qiladi. Bu mablag`lar kimning hisobiga qoplanadi? Ota-onalarnimi? Yana bunga o`qituvchi mas`ul bo`ladimi? O`quvchilar xavfsizligini kim ta`minlaydi? Bolalar avtobusda olib borilsa, ularning xavfsizligi ichki ishlar tomonidan ta`minlanishi kerak bo`lsa, ushbu xarajatlar qanday qoplanadi?

To`rtinchidan, yozgi ta`tilni qishki ta`til hisobiga qisqartirish taklifi berilgan. Bizda ta`tillar mamlakat iqlimidan kelib chiqib belgilangan. Yozning issiq havosida 30-35 kishi bir xonada 45 daqiqa o`tira oladimi? Xonalarda sovutish tizimi kimning hisobiga o`rnatiladi? Elektr ta`minotiga bo`lgan talab keskin ortishi tufayli maktab elektr tizimidagi o`zgartirishlar hamda elektr iste`moli uchun xarajatlarni oshishi qaysi mablag` hisobidan qoplanadi? O`quvchilar bunday sharoitda darsni yaxshi o`zlashtira oladimi?

Beshinchidan, yoz davrida asosan davlat investisiya, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida maktablar rekonstruksiya qilinadi yoki ta`mirlanadi. Hozirda pudratchilar mazkur ishlarni yakunlashga o`quv yili boshlanishiga qadar zo`rg`a ulguryapti. Yozgi ta`til qisqarsa, dars va qurilish-ta`mirlash jarayonlari bir vaqtda olib boriladimi?

Oltinchidan, o`quv yili davomida har chorakda o`quvchilar o`rtasida fan olimpiadalari tashkil etiladi. Bunga sabab o`quvchilarning dars jarayoniga xalaqit bermaslikdir. Yangi taklif bolalarga ortiqcha bosim o`tkazmaydimi?

Ettinchidan, qishki turizm uchun infratuzilma mavjudmi? Transport tizimi uzluksiz ishlashga tayyormi?

Sakkinzinchidan, qishda bolasini biror bir joyga yuborishga imkoniyati yo`q ota-onalar nima qilsin?

Har bir taklif tahlillarga asoslangan bo`lishi kerak. Qaror loyihasi tayyorlanish jarayonida shunday tahlil qilinganmi? Ya`ni ta`lim besh kunlik o`qish tizimini joriy etish hamda yozgi ta`til muddatini qisqartirish hisobidan qishki ta`til davrini uzaytirish ichki turizmini rivojlantirishga qanday turtki beradi? Ushbu topiladigan daromadlar yuqorida ko`rsatilgan xarajatlarni qoplay oladimi? Istalgan yangilik kiritilishidan avval undan bo`ladigan ijobiy va salbiy ta`sirlar to`liq tahlil etilishi (Cost-benefit analysis) hamda ijobiy ta`sirlar ko`proq bo`lgandagina ushbu yangilikni qabul qilish mumkin.

Aniq hisob-kitoblar va tahlillar amalga oshirilgan bo`lsa, qarorni kelishishdan avval ularni taqdim etish to`g`ri bo`ladi.

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi besh kunlik o`qish tizimini joriy etish hamda turizm mavsumini uzaytirish maqsadida yozgi ta`til muddatini qisqartirish hisobidan qishki ta`til davrini uzaytirish taklifini qabul qilishdan avval yuqoridagi va boshqa savollarga javob topish kerakligini ma`lum qiladi, deb yozadi Xalq ta`limi vazirligi Matbuot kotibi Anvar Umarov.

 

    Boshqa yangiliklar