AsosiyJamiyat

Rossiya pedagogika universitetining O`zbekistonda filiali ochilishi rejalashtirilmoqda

'Rossiya pedagogika universitetining O`zbekistonda filiali ochilishi rejalashtirilmoqda'ning rasmi

2019 yil 5 dekabr kuni A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi va Maktabgacha ta`lim vazirligi vakillari ishtirokida videokonferensiya bo`lib o`tdi. Maktabgacha ta`lim vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, tomonlar Toshkentda A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining filialini ochishni muhokama qildilar.  

2019 yil 10 dekabr, Toshkent - A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining filiali Toshkentda o`z faoliyatini 2020 yilda ochishni rejalashtirmoqda. Filial O`zbekiston Respublikasida pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash masalalarini yo`lga qo`yadi.  

Videokonferensiya ishtirokchilari dars mashg`ulotlarini quyidagi yo`nalishlar bo`yicha yo`lga qo`yishni ko`rib chiqdilar.  

  • alohida ehtiyojga muhtoj bolalar bilan ishlovchi mutaxassislar uchun reablitasiya va tuzatuvchi pedagogogika;  
  • maktabgacha ta`lim;
  • psixologiya.  

«A.I.Gersen nomidagi universitet - samarali o`quv dasturlari va o`qitish metodikalariga ega Rossiyaning etakchi pedagogika oliy o`quv yurtlaridan biridir. Hamkorligimiz bo`yicha ijobiy natijalarimizdan biri Nukus MTT mutaxassislari «Imkon» reabilitasiya markazi mutaxassislari bilan A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetida malaka oshirishdi. Sankt-Peterburgdan professor-o`qituvchilar va tadqiqotchilarni Universitetning Toshkent filiali ishiga jalb qilishni rejalashtirganmiz», - deydi maktabgacha ta`lim vaziri Agrippina Shin.

Keyingi uchrashuvlar davomida tomonlar fakultetlarning to`liq ro`yxatini shakllantirishni, shuningdek, bakalavr va magistratura dasturlarini ishlab chiqishni rejalashtirib olishdi.  

Ma`lumot uchun:

A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti – Rossiya Federasiyasidagi eng yirik pedagogik universitet bo`lib, 1797 yilda tashkil etilgan. Universitet 30 dan ortiq mutaxassisliklar bo`yicha bakalavr va magistrlarni tayyorlaydi. Universitetda professor-o`qituvchilar 1700 nafardan ortiq, ulardan 260 ga yaqin nafari fan doktorlari va 850 dan ortiq fan nomzodlaridir. A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti tarkibida 20 dan ortiq fakultet va 100 dan ortiq kafedra, shuningdek, ko`plab tadqiqot institutlari va markazlari mavjud.

Bugungi kunda universitet AQSh, Angliya, Avstriya, Italiya, Fransiya, Shvesariya, Germaniya, Niderlandiya, Polsha, Shvesiya, Finlandiya, Xitoy, Koreya, Isroil, Yaponiya va boshqa davlatlardagi 60 ta xorijiy universitetlar va o`quv muassasalari bilan shartnoma munosabatlarini o`rnatgan. A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetida YuNESKOning “ Madaniyatlararo ta`lim“ kafedrasi faoliyat yuritmoqda.

    Boshqa yangiliklar