Samimiy va do`stona ruhda o`tkazilgan uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi. Toshkent shahar hokimi xalqlarimizni o`zaro yaqin madaniyat va qator o`xshash jihatlar birlashtirib turishini alohida e`tirof etdi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar va shahrimizdagi o`zgarish va yangilanishlarga to`xtalib o`tdi. Toshkentda qurilish xajmi bir necha barobar o`sgani, aholining turmush farovonligini oshirish va yashashi uchun qulay sharoitlarni yaratish borasida tizimli ishlar qilinayotgani, ijtimoiy yordam ko`lami ham bir necha marotabaga ortganligini qayd etdi.
Nagoyaning bugungi taraqqiyot darajasi va erishayotgan yutuqlarini e`tirof etib, kunchiqar mamlakatning ushbu shahri bilan barcha sohalarda o`zaro manfaatli hamkorlikni yo`lga qo`yish, xususan, uning qurilish va investisiya yo`nalishidagi tajribasini o`rganish Toshkent uchun muhimligini aytib o`tdi.
Yaponiyalik sayyohlarning O`zbekistonga tashrifi tobora o`sib borayotganligiga e`tibor qaratib, 2019 yilda 2018 yilga nisbatan sayyohlarning tashrif ko`rsatkichi 47 foizga o`sganligini qayd etdi.
Tashrif doirasida o`tkaziladigan “Toshkent Nagoyani qarshi oladi” nomli tadbir uzoq muddatli va istiqbolli hamkorlikning mustahkam isboti bo`lishini e`tirof etib o`tdi.
Nagoya meri Takashi Kavamura do`stona munosabat va mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildirib, ularning shahri Yaponiyadagi eng sanoati rivojlangan hudud ekanligini va dunyoda orzular shahri sifatida tanilganligini qayd etdi. Toshkent bilan bugungi kunda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik olib borilayotganligini qayd etib, endilikda savdo-iqtisodiy yo`nalishda, turizm, sog`liqni saqlash, ta`lim va ilmiy texnik sohalarida qo`shma loyihalarini amalga oshirilishini aytib o`tdi. Hamkorlikning dastlabki bosqichida maktab o`qituvchilari almashinuvini yo`lga qo`yishni taklif qildi.
Uchrashuv doirasida Toshkent shahar turizmni rivojlantirish departamenti bilan Nagoya shahar madaniyat va turizm boshqarmasi o`rtasida o`zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat shaharlar o`rtasidagi uzoq muddatli qardoshlik munosabatlarini to`liq mustahkamlashga, birgalikda turizmga oid turli loyihalarni amalga oshirishga va ikki shahar salohiyatini yangi darajaga olib chiqishga xizmat qiladi.






