14 noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 74-sessiyasining Ikkinchi qo`mitasida O`zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” loyihasi bir ovozdan qabul qilindi, deb xabar beradi BMTning yangiliklar xizmati.
Rezolyusiya loyihasida a`zo davlatlar Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy barqarorlik va barqaror rivojlanishga qo`shayotgan salmoqli hissasini qayd etdilar. Ular mintaqada iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan sa`y-harakatlar va tashabbuslarni qo`llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Ushbu hujjatni qabul qilish tashabbusi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan 2019 yil 24-26 aprel kunlari Pekinda (XXR) bo`lib o`tgan “Bir kamar, bir yo`l” Xalqaro forumida bildirilgan edi.
“BMT Bosh Assambleyasi a`zo davlatlarga, boshqa manfaatdor tomonlarga va Butunjahon turizm tashkilotiga, o`z mandatiga muvofiq hamda mavjud manbalar doirasida harakatlanib, Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan mintaqada mas`uliyatli va barqaror turizmni rivojlantirish bo`yicha amalga oishirilayotgan faoliyatni qo`llab-quvvatlashni taklif qiladi”.
Asosiy qo`mitalar tomonidan konsensus yoki ovoz berish yo`li orqali tayyorlanadigan va qabul qilinadigan qarorlar va rezolyusiyalar loyihalari plenar yig`ilishlarda yakuniy tasdiqlash uchun BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etiladi.
Bu jarayonda ular odatda o`zgarishlarsiz va ovoz berish natijalari qo`mitalarda bo`lgani kabi qabul qilinadi.
Ikkinchi qo`mitada iqtisodiy rivojlanish masalalari, ilg`or texnologiyalar bilan ishlashdagi kamchiliklarni bartaraf etishdagi muammolar va rivojlanish maqsadlari uchun mablag`lar jalb qilish usullari muhokama qilinadi.
Tekshirish natijalariga ko`ra rezolyusiya loyihasi konsensus asosida qabul qilindi (BMTning barcha 193 a`zosining bir ovozdan roziligi).
Markaziy Osiyo mamlakatlari nomidan hujjatlarni O`zbekiston delegasiyasi taqdim qildi.
Hammuallif bo`lib 53 davlat chiqdi. Rezolyusiya loyihasi Bosh Assambleyaning 2019 yil dekabr oyida bo`ladigan plenar yig`ilishida rasman tasdiqlanadi.






