AsosiyJamiyat

Jizzax chiqindixonalardan tozalandi

'Jizzax chiqindixonalardan tozalandi'ning rasmi

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining to`qqiz oylik faoliyati yakuniga bag`ishlangan matbuot anjumanida shu haqda ma`lumot berildi.

Biroq o`zimiz yashayotgan hududni toza saqlashga beparvolik, mas`uliyatsizlik bilan qarashimiz tufayli yo`l chetlarida, ko`cha-ko`ylarda suv havzalarida paydo bo`layotgan noqonuniy chiqindixonalarning barchasi bartaraf etildi, degani emas. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat inspektorlari tomonidan yilning o`tgan davrida jami 214 ta noqonuniy chiqindixona aniqlandi. Ularni bartaraf etish, yangilarining oldini olish ishlari davom etmoqda.

Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi huzurida viloyat «Toza hudud» DUK va uning tuman-shahar filiallari tuzilib, ularning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanayotgani chiqindilarni chiqarib ketishni tizimli yo`lga qo`yish, aholi hududlari va jamoat joylarining tozalik, sanitariya holatini yaxshilash imkonini bermoqda.

Viloyatda «Toza hudud» DUK, uning shahar va tuman bo`limlarida 84 ta chiqindi tashuvchi maxsus mashina mavjud. Joriy yilda byudjet malag`lari hisobidan korxonaga 14 ta yangi maxsus texnikalar sotib olindi.

Biroq korxonaning moddiy texnik bazasi hozircha viloyat hududini to`liq qamrab olish uchun etarli emas. Hozirda mavjud texnikalar viloyat aholisining 51 foiziga xizmat ko`rsatmoqda.

Yilning o`tgan davrida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspektsiyalari va tarmoq bo`limlari tomonidan olib borilgan ishlar natijasida huquqbuzarlarga nisbatan 1 ming 230 ta ma`muriy ish qo`zg`atilgan. Ushbu ma`muriy huquqbuzarliklar bo`yicha yuridik va jismoniy shaxslar jami 1 milliard 114 million 300 ming so`mlikdan ortiq jarimaga tortilgan.

    Boshqa yangiliklar