Amaldagi tartiblarga ko`ra, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni xalqaro pochta jo`natmalari orqali jo`natish taqiqlangan. Ammo shunga qaramay pochta jo`natmalari orqali tarkibida psixotrop va narkotik moddalar mavjud bo`lgan dori vositalarini jo`natish holatlari tez-tez uchramoqda.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Bosh pochtampt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari tarkibida psixotrop va giyohvandlik moddalari mavjud bo`lgan dori vositalarinig respublikamizga noqonuniy olib kirilishiga doir navbatdagi bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Xorijdan fuqaro K.G. nomiga kelgan pochta jo`natmasi bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan, tarkibida psixotrop moddasi mavjud bo`lgan 50 dona “Paramol Af and Shiul” va 20 dona “Dexamol Cold” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.
Shuningdek, fuqarolar N.Sh., X.X. va S.V. nomiga kelgan pochta jo`natmasida tarkibida psixotrop va giyohvand moddalari bo`lgan 25 dona “Bondormin”, 24 dona “Rokacet plus” hamda 30 dona “Tramadex OD 100” nomli dori vositalari borligi aniqlandi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






