Ayni paytda Dubayda charchoq yoyayotgan Nazarbekov hammasini bir chetga surib qo`yib, faqat kayfiyat ko`tarishga bog`lanib qolgani yo`q. Iloji ham yo`q! Axir, u dam olish safaridan qaytishi bilanoq yangi albomi taqdimotiga kirishib ketadi.
Dubaydan turib, Toshkentdagi ijodiy guruhi bilan soatma-soat aloqada bo`lib turibdi. Aranjirovkasi tayyor bo`lgan yangi qo`shiqlarni unga telegram orqali yuborib turishibdi. U esa kamchilik topsa, o`z fikrlarini bildirmoqda. Mobil texnologiya va dasturlarning rivojlanishini qarang?! Ular orqali bugun ijod ahli tugul ko`plab soha vakillarining og`iri engil bo`lmoqda! Minglab kilometrlarni soniyalar ichida “bosib o`tib”, joyingizda turib, ancha-muncha ishni hal qilib qo`yishingiz mumkin-da!
“Otim Majnun” – Ozodbekning endigina “tandirdan uzilgan” taronasi. Qo`shiq “Bobur” albomidan o`rin olgan bo`lib, Zahiriddin Muhammad Boburning g`azali bilan kuylagan. Qo`shiq musiqasi estrada va milliy kuylarni uyg`unlashtiradi.
Ozodbekning ovoz imkoniyatlari kengroq ochilgan ushbu taronani tinglab, shunday xulosaga keldikki, uning shuncha yillik ijodi bir tomon-u, yangi albomidagi qo`shiqlari bir tomon! Ijodingizdagi yangi sahifa muborak, Nazarbekov! Ijodda mukamallik sari intilish doimiy hamrohingiz bo`lsin!
Jasur HAMROEV
manba: shov-shuv.uz





