2019 yil 6 avgust kuni soat 13.00larda Bo`ka tumani hududida joylashgan 19-o`rta maktab direktori o`quv yili mavsumiga tayyorgalik ko`rish bo`yicha barcha maktab o`qituvchilari bilan yig`ilish o`tkazayotganida 47 yoshli o`qituvchi maktab direktorining talablariga e`tiroz bildiradi. Yig`ilish qatnashchilarning oldida uni “sen direktorlikka noloyiqsan, poraxo`rsan”, deb direktorni sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatgani aniqlangan.
“QILGAN IShIMDAN PUShAYMON EMASMAN”
Huquqbuzar suddagi aybiga iqror bo`lmagan...
— Haqiqatdan ham 2019 yil 6 avgustda maktab direktori barcha o`qituvchilar bilan yig`ilish o`tkazdi. O`z hisobimizdan maktabning tashqi atrofini ta`mirlash ishlarini olib borilishini aytganida, direktordan maktab ta`miri uchun to`langan pullarni va mukofat pullarni hisobotini so`radim. Direktor menga hisobot bermasligini aytdi va o`zaro tortishib qoldik. Direktorni yig`ilish ishtirokchilari oldida “sen direktorlikka noloyiqsan, poraxo`rsan”, dedim. Qilgan ishimdan pushaymon emasman.
“1.115.000 SO`M MIQDORDA JARIMA JAZOSI TAYINLANDI”
Mirusmon GIYaSOV, Bo`ka tuman ma`muriy sudi sudyasi:
— Sud ish hujjatlarini tekshirib, o`qituvchining huquqbuzarlikni sodir etganlikdagi aybi tushuntirish xatlari, ish bo`yicha tuzilgan bildirgi, bayonnoma, tilxatlar va ishdagi boshqa hujjatlar bilan o`z tasdig`ini topgan deb hisoblaydi.
Ma`muriy Javobgarlik to`g`risidagi Kodekining 40-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi. Unga MJtKning 33-moddasini qo`llab eng kam oylik ish haqining 5 baravari, ya`ni 1.115.000 so`m miqdorda jarima jazosi tayinlandi. Jarima davlat foydasiga undirilishi belgilandi.
Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist






