Viloyat xalq ta`limi boshqarmasi 2019 yilning 2 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumanidagi 7-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabi 10-“B”sinf rahbari Yusupov Alisher o`quvchilarni ayamasdan kaltaklagani yuzasidan quyidagilarni ma`lum qildi.
Videolavhada keltirilgan holatlar viloyat hokimligi, Muzrabot tumani hokimligi va tuman xalq ta`limi bo`limi xodimlari tomonidan o`rganildi. O`rganish jarayonida haqiqatdan xam 2019 yilning 18 noyabr kuni Muzrabot tumanidagi 7-sonli umumiy o`rta ta`lim maktabi 10-“B” sinfida ushbu holat bo`lib o`tganligianiqlandi. Shuningdek o`rganish davomida maktabning 10-“B” sinf o`quvchilari sinf rahbari A.Yusupov tomonidan 16 noyabr, ya`ni shanba kuni so`roqsiz dars qoldirganliklari uchun izoh so`ralib, tanbeh berilayotgan holat o`quvchi tomonidan uyali telefon orqali tasvirga olingan va o`quvchilarning o`zlari tomonidan telegram ijtimoiy tarmog`iga tarqatilganligi aniqlandi.
10-“B” sinf o`quvchisi J.R o`z tushuntirish xati orqali haqiqatdan ham shanba kuni dars mashg`ulotiga kelmaganligi, so`roqsiz dars qoldirganligi va sinf rahbariga nisbatan hurmatsizlik qilgani oqibatida sinf rahbari uni bir ikki tarsaki urganligini ma`lum qildi.
10-“B” sinf rahbari A.Yusupov haqiqatdan ham shu kuni o`quvchilar tarbiyasini o`ylagan holda o`quvchilarga nisbatan qattiqqo`llikni oshirib yuborganligini tan oldi va ushbu qilgan ishidan pushaymon ekanligini bildirdi.
Ushbu holat yuzasidan o`quvchining ota-onasi bilan o`tkazilgan suhbat jarayonida o`qituvchining o`g`liga nisbatan qilgan munosabati, qattiqqo`lligi yuzasidan hech qanday e`tirozi yo`qligini bildirdi. Maktabda ushbu masala bo`yicha yig`ilish o`tkazilib, maktab direktori tomonidan o`qituvchi A.Yusupov o`z vazifasi majburiyatlariga ma`sulyatsizlik bilan qaraganligi va maktab ichki tartib qoidalarini buzganligi uchun O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi, 1-bandi, 1-qismiga asosan “Xayfsan” intizomiy jazosi qo`llanilganligi va sinf rahbari lavozimidan ozod etilganligini ma`lum qilamiz.






