Tanlovga yuboriladigan adabiy ssenariylarda quyidagi g`oyalar ishonarli va yuqori badiiy saviyada aks ettirilishi lozim:
- yurtimizda mustaqillik yillarida qo`lga kiritilgan yutuqlar, ijtimoiy-ma`rifiy jabhalarda ro`y berayotgan ulug`vor o`zgarishlar;
- millatimizga xos ezgu fazilatlar, shuningdek, chuqur tarixiy ildizlarga ega bo`lgan qadriyatlarimiz ulug`vorligi;
- yoshlarimizning har tomonlama barkamol bo`lib ulg`ayishlari, ma`naviy-ma`rifiy ehtiyojlarini qondirishlari, vatanparvarlik va xalqparvarlik tushunchalarini, umumbashariy va milliy qadriyatlar mazmun-mohiyatini teran anglab etishi uchun xizmat qiladigan ibratli hayotiy saboqlar;
- azaldan xalqimiz uchun muqaddas bo`lmish oilaning hayotimiz tayanchi va suyanchi, jamiyatimizning hal qiluvchi asosiy bo`g`ini ekanligi;
- o`zbek xalqiga xos bo`lgan keksalarni e`zozlash, ularning hurmatini joyiga qo`yish singari ezgu qadriyatlar, shuningdek nuroniy otaxon va onaxonlarning ibratli hayoti aks ettirilgan bo`lishi;
- ona Vatan va xalq manfaatini o`z manfaatidan ustun qo`ygan, adolat va ezgulikni mardona himoya qilayotgan, yovuzlik va xiyonatga murosasiz, e`tiqodi mustahkam, qat`iyatli va g`ururi baland zamondoshlar obrazi o`z ifodasini topishi lozim.
Shuningdek, o`zining ezgu fazilatlari bilan ko`pchilikka ibrat bo`layotgan zamondoshlarimiz siymosi aks ettirilgan hamda boy madaniy-tarixiy merosimiz, xalq og`zaki ijodi (ertaklar, masallar, dostonlar, matallar) namunalari asosida yozilgan adabiy ssenariylar, kengaytirilgan sinopsislar hamda “Zumrasha” bolalar yumoristik kinojurnaliga bolalar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega, quvnoq syujetlar ham tanlovga qabul qilinadi.
Tanlovga taqdim etiladigan adabiy ssenariylar va kengaytirilgan sinopsislar zamonaviy talablar darajasida, yuqori professional mahorat bilan yozilishi, ularda milliy ruh va milliy kolorit, ziddiyatlar, psixologik holatlar haqqoniy va to`laqonli aks ettirilishi, personajlar tili jonli va to`kis bo`lishi, syujet, kompozision qurilishda, dramatizm va voqea-hodisalar dinamikasida muvozanat saqlanishi lozim.
Tanlovda kinodramaturglar, yozuvchi-shoirlar bilan birgalikda ssenariy yozish borasida etarlicha tajribaga ega bo`lgan barcha xohlovchi ijodkorlar ishtirok etishlari mumkin.
Tanlov 2014 yil 30 noyabrga qadar davom etadi. G`olib deb topilgan adabiy ssenariylar va kengaytirilgan sinopsislar badiiy, hujjatli va multiplikasion filmlar suratga olish uchun tavsiya etiladi.
Tanlovga taqdim etiladigan adabiy ssenariylar va kengaytirilgan sinopsislar belgilangan tartibda mualliflik huquqini himoya qilish idorasi tomonidan ro`yxatga olingan bo`lib, o`zbek tilida, ikki nusxada, kompyuter yoki mashinkada A-4 formatda, 1,5 intervalda ko`chirilgan bo`lishi lozim. Tanlovga yuboriladigan badiiy filmlar adabiy ssenariylarining hajmi 40 sahifadan, kengaytirilgan sinopsislarning hajmi 10 betdan, multfilm adabiy ssenariylarining hajmi 16 sahifadan, hujjatli filmlar ssenariylarining hajmi 8 sahifadan, “Zumrasha” bolalar yumoristik kinojurnaliga mo`ljallangan syujetlarning hajmi 4 sahifadan oshmasligi kerak.
Adabiy ssenariylar va kengaytirilgan sinopsislar Agentlikning info@uzbekkino.uz elektron manzili orqali elektron shaklda ham yuborilishi mumkin. Adabiy ssenariylar va kengaytirilgan sinopsislar Tanlov komissiyasiga yuborilayotgani qayd etilishi lozim.
Tanlovga taqdim etilgan adabiy ssenariylar taqriz qilinmaydi va mualliflarga qaytarilmaydi.





