2019 yilning 4 dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida yaponshunoslik fakultetining rasmiy ochilish marosimiga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi.
Jahon miqyosida etakchi o`rinni egallab turgan kunchiqar o`lka – Yaponiya bilan O`zbekiston o`rtasidagi muhim siyosiy-iqtisodiy jarayonlar kechayotgan davrda yaponshunoslik sohasida mutaxassis kadrlar tayyorlash va etishtirish kabi dolzarb vazifani amalga oshirishda ToshDShIda maxsus yaponshunoslik fakultetining ochilishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda yapon tilini o`rganish bo`yicha dunyodagi eng faol davlatlardan biri sanalmish O`zbekistonda yaponshunoslik sohasini rivojlantirish bo`yicha Toshkent davlat sharqshunoslik instituti etakchi o`rinni egallaydi.
1992 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida tashkil etilgan Yapon filologiyasi kafedrasi nafaqat O`zbekistonda, balki butun O`rta Osiyoda yapon tilini o`qitish bo`yicha ochilgan birinchi o`quv maskani sanaladi.
Oxirigi yillarda ToshDShIda yaponshunoslik sohasida qilingan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari yangi fakultet shakllanishiga asos bo`ldi va shu munosabat bilan, ToshDShIning Xorijiy Sharq mamlakatlari adabiyoti kafedrasi filologiya fanlari doktori, professor R.Xodjaevaning ToshDShI tayanch doktoranti G.Qosimova bilan hammualliflikdagi «Yapon adabiyotida zamonaviy yo`nalishlar va oqimlar» nomli o`quv qo`llanmasi nashr qilindi hamda ToshDShIda nashr qilinadigan «Sharq mash`ali» ilmiy jurnalining navbatdagi soni maxsus yaponshunoslikka bag`ishlandi. Unda yapon tilshunosligi, adabiyotshunosligi, tarixshunosligi, tarjimashunosligi, O`zbekiston va Yaponiya o`rtasidagi munosabatlar, Yaponiyaning tashqi siyosati va xalqaro munosabatlari, shuningdek, Yaponiya iqtisodiyotiga oid 20 dan ziyod ilmiy maqolalar jamlangan. Juda ko`p sohalar qatori ta`lim yo`nalishidagi hamkorlikni kengaytirish yo`lidagi bunday sa`y-harakatlar O`zbekiston va Yaponiya o`rtasidagi do`stlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.






