AsosiyJamiyat

Saylovga jalb qilingan xodimlarga haq to`lanadimi?

'Saylovga jalb qilingan xodimlarga haq to`lanadimi?'ning rasmi

Saylov komissiyasi a`zolari bajargan ishlari uchun maosh oladimi yoki yo`qmi? Bu borada so`nggi vaqtlarda bo`layotgan ko`plab savollarni inobatga olib Xushnudbek Xudoyberdiev masalaga aniqlik kiritdi.

Unga ko`ra, joriy yil bo`lib o`tadigan saylov kampaniyasida saylov komissiyalari faoliyatiga jalb etiladigan xodimlarning mehnatiga haq to`lash masalalari avvalgi yillardagi saylovlardagi amaliyotdan kelib chiqib, yangicha yondoshgan tarzda tashkillashtirilmoqda. 

Bu nimalarda o`z aksini topadi:

Birinchidan, asosiy ish joyiga ega bo`lgan va komissiya faoliyatiga jalb etilgan fuqarolarimiz ishlab chiqarish yoki xizmat vazifalarini bajarishdan to`liq yoki qisman ozod qilinadi va ularning asosiy ish joylarida ish haqlari to`liq saqlangan holda saylov ishlariga jalb etiladi. Bular kimlar? Ularning qariyib 71 foizi davlat idoralari va muassasalari xodimlari, shu jumladan xalq ta`limi xodimlaridir (47,3 %).

Ikkinchidan, (bu avvalgi saylovlarda kuzatilmagan amaliyot) asosiy ish joyiga ega bo`lgan holda komissiya faoliyatiga jalb etilgan fuqarolarimizga asosiy oyliklaridan tashqari transport va boshqa xarajatlar uchun komissiya raislariga 500 ming so`mdan, boshqa a`zolarga 250 ming so`mdan (bu soliq chegirilgandan keyin qo`lga tegadigan miqdor) kompensasiya to`lanishi belgilandi.

❗️E`tibor bering: joriy yilgi saylov kampaniyasi uchun 230 mlrd. so`m ajratilgan bo`lsa, shundan 70,6 mlrd. so`mi, ya`ni 30,6 foizi aynan yuqoridagi qariyib 170 ming nafardan ortiq jalb qilingan komissiya a`zolariga qo`shimcha kompensasiya to`lovlari uchun sarflanishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, komissiyalar faoliyatiga qariyib 8 foizga yaqin vaqtincha ishsiz bo`lgan va nafaqadagi fuqarolarimiz ham jalb etilgan bo`lib, ulardan rais lavozimiga jalb etilganlarga 9 razryad bo`yicha 1,5 mln. so`m miqdorda, rais o`rinbosarlariga 8 razryad bo`yicha 1,4 mln. so`m miqdorda va a`zolarga 4 razryad bo`yicha 1 mln. so`m miqdorda bir martalik ish haqi to`lovlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 noyabrdagi PQ-4004-son qaroriga muvofiq ish beruvchilarga saylovlarni o`tkazish davrida jamoatchilik asosida ishlab kelayotgan tuman va shahar saylov komissiyalari raisi, uning o`rinbosari yoki kotiblariga yuqori turuvchi komissiyalarning tavsiyalariga ko`ra, oylik maoshiga asosiy ish joyi moddiy rag`batlantirish jamg`armasi hisobidan 50 foiz miqdorida ustama belgilanishi tavsiya etilgan.

Boshqa yangiliklar