AsosiyJamiyat

O`zbekiston Afg`oniston uchun oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlamoqda​

'O`zbekiston Afg`oniston uchun oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlamoqda​'ning rasmi

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida tashkil etilgan O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazi qo`shni davlat uchun etuk malakali kadrlar tayyorlash va azaliy do`stlik, o`zaro hamkorlik aloqalarni yuksaltirishning tamomila yangi qirralarini namoyish etdi, deya xabar beradi O`zA. 

Shavkat Mirziyoev Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq qo`shni mamlakatlar bilan do`stlik rishtalarini, o`zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga alohida e`tibor qaratdi. Yon qo`shnimiz Afg`onistondagi vaziyatni siyosiy yo`l bilan hal etish, tinchlikni ta`minlash, barqarorlikni tiklash, iqtisodiyot, ta`lim, fan, madaniyat va boshqa sohalarni rivojlantirish taklifini ilgari surdi. 

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so`zlagan nutqida ham Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, afg`on xalqining o`z taqdirini mustaqil, tinch yo`l bilan hal qilishiga erishish masalasini xalqaro miqyosda ko`targani bunga yaqqol dalildir. 

Davlatimiz rahbarining bevosita g`oyasi asosida barpo etilgan dunyoda muqobili yo`q zamonaviy ta`lim muassasasi O`zbekistonning qo`shni davlat kelajagiga qaratayotgan yuksak e`tiborini keng namoyon etdi. Barcha zamonaviy sharoitlarga ega o`quv dargohida Afg`onistonning iqtisodiy-ijtimoiy va boshqa sohalari uchun oliy ma`lumotli malakali mutaxassislar tayyorlanayotgani, mamlakatlarimiz o`rtasidagi yaqin do`stlik, qo`shnilik, o`zaro hamkorlik aloqalarining tamomila yangi qiyofasini ko`rsatayotgani jahon hamjamiyatida katta qiziqish uyg`otdi. 

– Ta`lim muassasamizda qo`shni davlat tomoni ehtiyojlaridan kelib chiqib 18 oliy va 19 o`rta maxsus, kasb-hunar ta`lim yo`nalishi o`quv rejalarining modullashtirilgan shakli ishlab chiqilgan, – deydi O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Afg`oniston fuqarolarini o`qitish ta`lim markazi rahbari O.Ro`ziev. – Bu erda qo`shni mamlakat yoshlari o`zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o`rganishi uchun yurtimizdagi eng nufuzli oliy ta`lim muassasalarining professor-o`qituvchilari dars o`tadi. Markaz oliy ta`lim muassasalari korporativ tarmog`i orqali “Elektron ta`lim tarmog`i”ga ulangan. Joriy yilda ilk qaldirg`ochlarimiz bo`lgan 96 afg`on o`g`il-qizi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetining oliy malakali mutaxassis diplomiga ega bo`lib, o`z vataniga qaytdi. Ular qo`shni mamlakatning turli hududlarida mutaxassisligi bo`yicha mehnat qilmoqda. Besh nafari o`qishni davom ettirib, Termiz davlat universiteti magistratura bosqichida ta`lim olayotir. 

Termiz tumanida uch yildan buyon faoliyat yuritayotgan mazkur ta`lim muassasasining ko`p qavatli salobatli o`quv binosi, 350 o`ringa mo`ljallangan talabalar yotoqxonasi, axborot-resurs markazi, sport zali va sport maydonchalari, oshxona afg`onistonlik talabalar uchun xizmat qilmoqda. Binoda kimyo va fizika kabi fanlarni chuqur o`zlashtirish, temir yo`l transporti tizimini puxta o`rganish uchun lingafon xonalari, laboratoriyalar tashkil etilgan. Maishiy, savdo va boshqa xizmatlar ko`rsatadigan shoxobchalar, turli to`garaklar faoliyat yuritmoqda. Afg`on yoshlari uchun tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirilayotir. Rang-barang madaniy tadbirlar, qiziqarli sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Qo`shni davlat o`g`il-qizlari mamlakatimizda o`tkazilayotgan bayram shodiyonalari va boshqa madaniy-ma`rifiy tadbirlarda faol qatnashib, o`z mahoratini keng namoyish etmoqda, sovrinli o`rinlarni qo`lga kiritayotir. 
– Shunday tinch, obod O`zbekistonda ta`lim olish baxti nasib etganidan bag`oyat xursandman, – deydi Afg`onistonning Shibirg`on shahrida voyaga etgan Muborakshoh Fulodiy. – Biz uchun bunyod etilgan zamonaviy ta`lim markazida ustozlardan o`zbek tili va adabiyoti fani sirlarini chuqur o`rgandim. Shu sohada bilimimni yanada oshirish va kelajakda ilmiy izlanish olib borish maqsadida Termiz davlat universitetining magistratura bosqichiga o`qishga kirdim. Afg`on yoshlari kelajagiga alohida e`tibor qaratib, bizga cheksiz g`amxo`rlik ko`rsatayotgan O`zbekiston Prezidentidan g`oyat minnatdormiz. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan bunday ezgu ishlar ko`lami boshqa soha va tarmoqlarda ham keng quloch yozmoqda. Xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg`oniston Islom Respublikasidagi maxsus vakili lavozimi ta`sis etilgani, Termizda Afg`onistonning konsullik idorasi faoliyati yo`lga qo`yilgani mamlakatlarimiz o`rtasidagi azaliy do`stlik, yaqin birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Jumladan, endilikda qo`shni davlat fuqarolari barcha zamonaviy sharoitlarga ega ixtisoslashtirilgan shifoxonalarda salomatligini tiklamoqda. Afg`on fuqarolariga mamlakatimizda yaratilayotgan bu kabi qulayliklardan samarali foydalanishi uchun ixchamlashtirilgan viza tartibi joriy etilgani yaqin do`stlik, azaliy qo`shnilik muhitida ikki mamlakat ishbilarmonlari doirasining teng sheriklikka asoslangan aloqalarini rivojlantirishda muhim omil bo`lmoqda. 

O`zbekiston ko`magi bilan qo`shni davlatda yuqori voltli elektr energiyasi va optik tolali kabel liniyalari, suv ta`minoti tarmog`i, ko`priklar barpo etilgan. “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati Hayratondan Mozori-Sharifgacha temir yo`l liniyasini qurib bergan. Mamlakatimiz qo`shni davlatda tog`-kon sanoati, qurilish, energetika, ta`lim sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotir. Afg`on xalqiga yurtimizdan oziq-ovqat va neft mahsulotlari, elektr energiyasi, mineral o`g`itlar, transport vositalari eksport qilinmoqda. Termizda faoliyat yuritayotgan “Termiz kargo” eksport markazi mamlakatimiz tovar ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari bilan afg`onistonlik ishbilarmonlar doirasining hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qulay sharoit, keng imkoniyat yaratdi. 

Mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik aloqalarining yangi bosqichda rivojlanayotgani afg`on yoshlarining O`zbekistonda ta`lim olish istak va ishtiyoqini yanada oshirayotir. Shunga muvofiq joriy yilgi o`quv yilida qo`shni davlatdan o`zbek tili va adabiyoti fani o`qituvchisi, tibbiyot xodimi, er usti transport tizimlari va ularning eksplutasiyasi singari yo`nalishlar bo`yicha 147 yigit-qiz ta`lim markazida o`qish istagini bildirdi. 

– Osoyishta va farovon O`zbekistonda o`qib, kasb o`rganish nasib etganidan quvonchim cheksiz, – deydi Afg`onistonning Samongan viloyatidan kelgan Fayzi Shohista. – Aslida bugun har bir afg`on o`g`il-qizi bu mamlakatda bo`lishni orzu qiladi. Bu erda o`qish mening hayotimni tubdan o`zgartirishiga ishonaman. Hozir 18 yoshdaman. Kelgusida oliy ma`lumotli tibbiyot xodimi bo`lib, o`z mamlakatim taraqqiyotiga munosib hissa qo`shmoqchiman. Biz, afg`on yoshlari ham vatanimizda tinchlik, barqarorlik bo`lishini istaymiz. O`quv dargohimizda zamonaviy ta`lim olib, o`zimiz tanlagan kasb sirlarini mukammal egallashimiz uchun barcha sharoit yaratilgan. Darsdan bo`sh vaqtlarimizda turli to`garaklar faoliyat yuritmoqda. Jannatmonand O`zbekistonning turli tarixiy shaharlariga sayohatlar uyushtirilayotir. Bunday g`amxo`rliklardan mamnunmiz. 

Markazda mamlakatimiz ta`lim tizimida qabul qilingan normalar asosida O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi tasdiqlagan o`quv reja va dasturlarga muvofiq ikki yillik kunduzgi ta`lim shakli bo`yicha saboq berilmoqda. O`z mutaxassisligi bo`yicha dasturni muvaffaqiyatli o`zlashtirgan talabalarga davlat namunasidagi tegishli hujjat beriladi. Zero, xalqimizning "Yon qo`shning – jon qo`shning" degan hikmatli so`zida chuqur ma`no bor. Azaldan yaqin qo`shni bo`lib kelgan davlatning o`g`il-qizlariga mamlakatimiz chegarasidagi qadimiy go`shada jahon andozalariga mos ta`lim berilayotgani ham ana shu purma`no gapning amaldagi ifodasidir. 

 

    Boshqa yangiliklar