Bog`cha ko`rgan bola bilan bog`chaga bormagan bolaning farqi katta bo`ladi.
Shuning uchun maktabgacha ta`lim muassasalarini ta`mirlash, sharoitini yaxshilash, zarur vositalar bilan ta`minlash masalalari jiddiy e`tibor talab etadi. Maktabgacha ta`lim ertaga farzandimizning kim bo`lib ulg`ayishida dolzarb ahamiyatga ega.
Tegishli hujjatlarga asosan, MTMlarga bolalarni qabul qilish yoshi 3 yosh etib belgilandi. Bungacha bolalar 2 yoshdan 6 yoshgacha qabul qilinishlari mumkin edi. Shunga ko`ra, ayol farzandini dunyoga keltirganidan so`ng, 2 yil mobaynida haq to`lanadigan ta`tilga chiqishi, keyin farzandini maktabgacha ta`lim muassasasiga berib, o`zi ishlashi mumkin edi. Bu yosh chegarasi bir yilga ko`tarildi.
Mutaxassislar bu yoshni tanlashda bolaning jismoniy, ruhiy-psixologik va boshqa tomonlama o`zini to`laqonli eplay olishi nazarda tutilganini ko`p bora ta`kidlashdi. Bolaga hech kim o`z onasidek qaray olmasligini, unga onaday mehribon bo`la olmasligini yaxshi bilamiz.
Lekin bu borada ko`pchilikni qiynayotgan muammolar borki, ulardan ko`z yumib bo`lmaydi. 2-3 yosh oralig`idagi farzandi bor oilalarning aksariyati yosh oilalardir. Ularning ko`pchiligida er ham, xotin ham ishlaydi. Ro`zg`orini tiklab olishi, oyoqqa qo`yishi kerak, ular uchun bir kun ishlash ham foydali.
Imkoniyatlardan oqilona foydalanib, kreditga uy-joy va boshqa zarur narsalar xarid qilayotgan yosh oilalar juda ko`p. Ammo ayrim oilalarda faqatgina erkakning topgani etmayapti. Oila boshlig`i ro`zg`orni ham moddiy jihatdan ta`minlashga, ham kredit to`lashga qiynalib qolishi mumkin. Bunday sharoitda ayollar ham ishlab, turmush o`rtog`iga yordam berishga intiladi. Bu intilishni to`g`ri tushunish va imkoniyat yaratish kerak, deb o`ylaymiz.
Biroq, bunday oilalarning hammasida ham farzandiga qarab turadigan yaqin qarindosh, buvisi, ya`ni ishonchli qarovchisi yo`q. Ana shunday sharoitda, albatta, oilaning yagona muammosi bolani unga g`amxo`rlik qiladigan bog`chaga topshirishdan iborat bo`lib qoladi. Biroq maktabgacha ta`lim muassasalarida bolalarni qabul qilish yoshi 3 yosh etib belgilangan.
Yana bir masala borki, 2 yoshdan keyin oilalarga bola puli ham to`lanmaydi. Bu esa yosh oilalar, yolg`iz onalar uchun qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Ko`pchilik ayollarimiz xuddi shunday muammolar yuzasidan dardini kimga aytishni bilmay hayron.
Vaholanki, Mehnat kodeksi 233-moddasiga muvofiq, ayollarga tuqqunga qadar etmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug`ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug`ilgan hollarda — etmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug`ish ta`tillari berilib, davlat ijtimoiy sug`urtasi bo`yicha nafaqa to`lanadi. Ana shu muddatdan keyin ayollar ishga chiqish huquqiga ega ekanini ham esdan chiqarmaslik kerak.
Shularni inobatga olib, Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida maktabgacha ta`lim muassasalarida 3 yoshdan kichik bolalar uchun maxsus tarbiya guruhlarini tashkil etish masalasi ko`tarilgan.
Albatta, hamma ota-ona ham farzandini xavfsiz, moddiy-ma`naviy, huquqiy, jismoniy va tibbiy jihatdan himoyalangan maskan ya`ni, maktabgacha ta`lim muassasasiga berishni xohlaydi. Lekin bolasi uch yoshga to`lmaganligi uchun unga boshqa qarovchi (enaga) yollashga majbur bo`lmoqda. Bu esa ishonchli emas, odatda ularning ko`pchiligi bola tarbiyasi bo`yicha etarli malaka, bilimga ega bo`lmaydi.
To`g`ri, 2 yoshdan ham bolalarni bog`chaga qamrab olish mumkin. Buning uchun ota-onalar faqatgina nodavlat oilaviy maktabgacha ta`lim muassasalariga murojaat qilishi talab etiladi. Ularda esa narx-navo juda qimmat. Ulardan faqatgina daromadi yuqori bo`lgan oilalar foydalanishi mumkin. Lekin ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar-chi? Ular qanday yo`l tutishi kerak. Ishlamayman desa, oilasi qiynalib qoladigan, ishlayman desa, bolasi hali 3 yoshga to`lmagan onalar qanday yo`l tutishi kerak? Bu bilan ayollarning mehnat huquqi cheklanmayaptimi?
Endi o`ylab ko`raylik, oilada 2 yoki 3 nafar farzand bor. Kichik farzand hali 3 yoshga to`lmagan. Ro`zg`orning kami ko`stiga ishlatilib kelinayotgan davlat tomonidan berilayotgan mablag` ham 2 yoshdan so`ng to`xtatildi. Bunday sharoitda qanday yo`l tutish kerak? Yolg`iz onalar nima qilishi kerak? Bu savollarga javob qanday bo`lishi haqida o`ylab ko`rish zarur.
Deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida aholi vakillari shu masalada ko`plab savollar, takliflar bilan murojaat qildi.
Shularni inobatga olib, partiyamiz maktabgacha ta`lim muassasalarida 3 yoshdan kichik bolalar uchun maxsus tarbiya guruhlarini tashkil etish zarur, degan taklif bilan chiqmoqda.
Ayol ishlashga muhtojmi, demak, u bunga haqli. Bu uning qonuniy huquqi. Ona oilasi, farzandlari uchun ishlash istagida bo`lsa, onaning bu xohishi cheklanishi noto`g`ridir.
Xalq manfaatlari hamma narsadan ustun! Saylovda Xalq demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz bering!






