Yaqinda Kaliforniyaning Nepa vodiysida ulkan oshqovoq etishtirgan kishi dunyoga mashhur bo`lib ketdi. Uning 933 kilogrammlik oshqovog`i eksponatga aylantirilib, o`zi yaxshigina mukofot puliga ega bo`ldi. Kaliforniyaniki kabi katta bo`lmasda, o`zimizda ham ulkan qovoq etishtirildi, deb xabar berdi samarqandlik yurtdoshimiz Isomiddin Po`latov.
Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Muqimjon Oripov bir necha yildan buyon iqlimimizga xos bo`lmagan gul, daraxt va poliz ekinlarini parvarishlaydi. U yaqinda qovoqning «Kukurbita maksima» hamda «Atlant gigant» kabi turlarini o`z tomorqasida o`stirdi. U etishtirgan «Kukurbita maksima»ning balandligi 75 santimetr, aylanasi esa bir yarim metrdan ortiq bo`ldi. Og`irligi 60 kilodan ziyod. «Atlant gigant»ning bir muncha bo`yi past bo`lsa-da, og`irligi ellik kilogrammdan ko`proq.





