Mahalliy davlat hokimiyati organlari mutasaddilari tomonidan fuqarolarning murojaatlarida bildirilgan muammolar o`z vaqtida hal etilmayotgani oqibatida takroriy murojaatlar soni kamaymayapti, ijtimoiy tarmoqlarda norozilik bildirilayapti. Bu haqda senator Sodiq Safoev 24-yalpi majlisda gapirdi.
— O`tgan yilning shu davriga nisbatan Virtual va Xalq qabulxonalariga murojaatlar soni mamlakat bo`yicha 825 mingtani tashkil qildi. Bu ko`rsatkich respublika miqyosida kamayib borayotgan bir paytda, Surxondaryo, Sirdaryo, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida uning ko`payishi kuzatilmoqda.
Fuqarolar tomonidan shu yil 26 mingdan ortiq takroriy murojaat yuborilgan bo`lib, eng ko`p holatlar Andijon, Samarqand, Jizzax viloyatlarda qayd etilgan", - deya ta`kidladi senator.
Shuningdek, Sodiq Safoev shahar va tumanlar hokimliklarining rasmiy veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari faoliyatini yo`lga qo`yish qoniqarsiz ahvolda ekanini aytdi.






