«Davlat boshqaruvida ilg`or davlat menejmenti va ‘aqlli’ boshqaruv prinsiplarini bosqichma-bosqich joriy etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida» hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari uchun professional boshqaruvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida masofaviy ta`lim texnologiyalarini o`z ichiga olgan davlat boshqaruvida menejment va «aqlli» boshqaruv prinsiplari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Shuningdek, «Boshqaruv kadrlari portali» yaratilib, 2020 yil 1 martga qadar ishga tushiriladi.
Portal foydalanuvchilarining yagona elektron bazasini shakllantirish va yangilab borish, shuningdek, ularning kasbiy va shaxsiy o`sishiga ko`maklashuvchi masofaviy ta`lim texnologiyalarini joriy etish portalning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Qarorga ko`ra, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab Toshkent viloyati Bo`ka tumani va Angren shahrida tajriba-sinov tariqasida rahbar kadrlar faoliyati samaradorligiga doimiy ravishda baho berib borish tizimi joriy etiladi va ushbu tizim 2020 yil 1 avgustga qadar amalga oshiriladi.
Tajriba-sinov yakunlari bo`yicha ushbu tizim keyinchalik butun respublika hududida joriy etiladi.
2020 yil 1 fevralga qadar davlat organlarining «Xalqqa — ko`makchi, tadbirkorga — biznes hamkor» sifatida faoliyat ko`rsatishini kengaytirish maqsadida maxsus elektron platforma yaratiladi va ishga tushiriladi.
«Davlat boshqaruvida ilg`or davlat menejmenti va ‘aqlli’ boshqaruv prinsiplarini bosqichma-bosqich joriy etishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida» hukumat qarorining to`liq matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.






