AsosiyJamiyat

Metan “zapravka”larda vaziyat qachon yaxshilanadi? “O`ztransgaz” AJ rahbariyati vaziyatga izoh berdi

'Metan “zapravka”larda vaziyat qachon yaxshilanadi? “O`ztransgaz” AJ rahbariyati vaziyatga izoh berdi'ning rasmi

Mana, bir haftadirki, avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)da uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelmoqda. Oqibatda haydovchilar bir necha soatlab vaqtini metan “zapravka”lar oldida o`tkazishga majbur bo`lmoqda. Bu esa aholi, ayniqsa, uzoq yo`lga chiqqan haydovchi va yo`lovchilarning haqli e`tirozlariga sabab bo`lyapti.

Muhokamalar esa ijtimoiy tarmoqlarga ko`chib, bu masala atrofida turli gaplar aylanmoqda. Kimdir muammoni magistral gaz quvurlarining eskirib ketgani bilan bog`lasa, boshqasi sovuq tushishi bilan gaz bosimining pasayib ketishining oqibati sifatida baholanmoqda. Bu holatni gaz narxi oshirilishi yo`lidagi bir qadam sifatida talqin qilayotganlar ham yo`q emas. Ular e`tiroz bildiruvchilarga 2018 yil dekabr oyidagi ana shunday holatlarni eslatib, shundan so`ng gaz bahosi oshib ketganini ro`kach qilishmoqda.

Xo`sh, bu kabi gap-so`zlar qanchalik asosli? AGTKSh faoliyatidagi uzilishlarda, turnaqator navbatlarga yuzaga kelishi nima sabab bo`ldi? Bu vaziyatni “O`ztransgaz” aksiyadorik jamiyati rahbariyati qanday izohlaydi?

Savollar jamiyat mutasaddilariga murojaat qildik.

“O`ztransgaz” AJdan ma`lum qilishlaricha, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 10-bandida tabiiy gaz etkazib berish ustuvor bo`lgan iste`molchilar toifalari belgilangan. Aholi, qonun hujjatlarida belgilangan issiqlik elektr stansiyalari, shifoxona, maktab va bog`cha kabi ijtimoiy ahamiyatga ega ob`ektlar ana shu toifaga kiritilgan bo`lib, kuz-qish davrida, birinchi navbatda, ularga tabiiy gaz etkazib berilishi ko`zda tutilgan. Boshqa kafolatlanmagan iste`molchilar esa tabiiy gazga muqobil yoqilg`i turlaridan foydalanishlari kerak.

“O`zgidromet” xabariga ko`ra, respublika hududida 22-30 noyabr kunlari ob-havo -10°S ÷ -15°S atrofida bo`lishini inobatga olib, yuqoridagi me`yoriy hujjatlarga asosan, ulgurji iste`molchilar bilan imzolangan tabiiy gaz etkazib berish shartnomasining 2.5 hamda 2.8-bandlariga muvofiq (havo harorati keskin pasayganligi sababli), ularga ogohlantirishlar berildi”, deyiladi bizga taqdim etilgan ma`lumotda.

Shunday ekan, aholi ogohlantirilmadi? Nega ular bexabar qolishdi?

Ammo jamiyat vakillari ob-havoning keskin sovishi natijasida “O`ztransgaz” AJ rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali aholi, ijtimoiy soha ob`ektlari hamda strategik ahamiyatga ega korxonalarga kech soat 17.00 dan 22.00 gacha maksimal darajada tabiiy gaz etkazib berish maqsadida avtomobil haydovchilari avtoulovlariga yonilg`i quyishda ushbu vaqt oralig`ini inobatga olishlarini so`rab xabar berganini aytishmoqda.

Shu bilan birga, qoidalarning 58-bandidan kelib chiqib, Hududiy gaz ta`minoti filiallari va “O`zdavneftgazinspeksiya” tomonidan tuzilgan (havo sovib ketgan paytlarda tabiiy gaz tarmog`idan ajratilishi ko`zda tutilgan) 32253 ta kafolatlanmagan korxona ro`yxati Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri xokimliklari tomonidan tasdiqlanganini, bugungi kunda ularni tarmoqdan uzish ishlari olib borilayotganini aytishmoqda.

Kuzatishlarga qaraganda, respublika va xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yo`llari chetlaridagi AGTKShlarning aksariyati ishlamayapti. Ba`zilari esa kuniga o`rtacha 6-7 soat faoliyat ko`rsatayotgani ma`lum bo`lmoqda. sababi bilan qiziqqanimizda ba`zi “zapravka”lar xodimlari gaz limiti kamaytirilganini aytishmoqda. Biroq “O`ztransgaz” AJ tomonidan bu inkor qilindi. Hozirgi paytda respublikamizda 831 ta AGTKSh faoliyat ko`rsatayotgan bo`lsa, ularga joriy yilning oktyabr, noyabr oylari davomida belgilangan ko`rsatkichlar bo`yicha kunlik hajmlar to`liq etkazib berilayotgan ekan.

“Tabiiy gaz limiti kamaytirilmagan. AGTKShning to`liq ishlamasligi faqat tabiiy gaz bilan bog`liq emas. Ob-havo keskin pasayib ketgan paytlarda aholiga, ijtimoiy soha ob`ektlariga va strategik ahamiyatga ega korxonalarga tabiiy gaz maksimal darajada etkazib berish asosiy maqsadimiz. Bundan tashqari, “O`zneftgazinspeksiya”, “O`zstandart” agentligi, MIB va Hududiy gaz ta`minoti idoralari vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan o`tkazilayotgan o`rganish natijalariga asosan, ayrim shoxobchalarda me`yoriy-huquqiy hujjatlarga zid ravishda faoliyat yuritish holatlari aniqlanmoqda. Ayrim AGTKShda lisenziya shartlariga muvofiq ish yuritmaganliklari uchun kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar vaqtincha gaz etkazib berilishi to`xtatilgan holatlar ham mavjud. Ularda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgach, gaz ta`minoti qayta tiklanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi “Gaz etkazib bermaganligi sababli AGTKShda turna qator navbatlar bo`lmoqda”, degan fikrlar o`rinsiz”, deydi jamiyat matbuot xizmati xodimi.

Mutaxassislar yana bir bir holat haqida to`xtalishimizni so`rashmoqda. Ularning aytishicha, aholiga, AGTKShga ham tabiiy gaz belgilangan bosimda etib bormasligiga kafolatlanmagan iste`molchilar tomonidan maksimal darajada tabiiy gaz iste`mol qilinishi, ayrim odamlar tomonidan qo`lbola yoki maxsus nasoslar yordamida gaz taqsimlash tizimlaridan tabiiy gazni so`rib olinishi tizimdagi gidravlik rejimning buzilishiga olib kelayotgan emish.

“O`ztransgaz” AJ bugungi kunda tabiiy gazning narxlari o`zgarishi yuzasidan hech qanday ma`lumotga ega emasligini ta`kidlab, hozir kuzatilayotgan holat vaqtincha ekanligini, tez orada barchasi o`z iziga tushib ketishiga va`da bermoqda.

Biz ham hammasi tezda o`z iziga tushib ketishiga umidvormiz.

Shu kunlarda vaziyat taqozo qilib, viloyatlarga boradigan bo`lsangiz, taksiga o`tira ko`rmang. Vaqtingiz gaz “zapravka”larda navbat kutish bilan o`tadi. Bunga mana men kafil.

Toshkent—Termiz avtomagistralidagi avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)ning teng yarmi ishlamayapti. Ishlaganlari ham nari borsa 6-7 soat gaz quyadi-da, keyin darvozalarini tambalaydi. Bu holat 2018 yil dekabridagi manzaralarni esga solmoqda. Xotirangizdan ko`tarilmagan bo`lsa, o`shanda shu kabi uzundan-uzun navbatlardan keyin gaz narxi oshirilgandi...

Aytishlaricha, AGTKShda uzilishlar o`tgan hafta oxirlarida boshlangan. Sababini tadbirkordan bilishning iloji bo`lmadi. Ular kichkina odamlar emas-da. Kompressorchilar bo`lsa limit tugab qolayotganini vaj qilyapti. Qizig`i, limit deganlari iste`mol talabidan kelib chiqib, belgilanmaydimi?! Har holda, bizga “O`ztransgaz” AJ mas`ullarining har yili 1 sentyabrga qadar iste`molchilarning zaruriy gaz hajmlari to`g`risidagi talabnomalari yig`ilib, kelgusi yil uchun limit “ishlab chiqish” haqidagi gaplari yod bo`lib ketgan...

Tadbirkorlar tadbirli bo`lisharkan. Ayrim “zapravka”larda vaziyatdan kelib chiqib, pul qilishning yangi yo`llari ixtiro qilinibdi. Masalan, Oq oltin tumanidagi “Gaz Invest Group” MChJGa tegishli AGTKShning bitta kalonkasi go`yoki ishlamaydi. Oldiga kichik o`t o`chirish ballonchasi qo`yib qo`yilgan. Bu erda xos yo`lakdan kelgan maxsus mashinalarga gaz quyiladi. Shunday mashinalar egasidan buning sirini so`rasam, sekin borib, besh ming qistirsam, vassalom emish.

Said RAHMONOV

Boshqa yangiliklar