Toshkentda 27 noyabr kuni MDH Davlatlararo statistika qo`mitasi, BMT Aholishunoslik jamg`armasi (YuNFPA) va O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasi hamkorligida “Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo davlatlarda aholini ro`yxatga olish: 2020 yil davrasi” mavzuida xalqaro seminar bo`lib o`tdi. Bu haqda O`z A xabar bermoqda.
Bugungi kunda MDH mamlakatlarida aholini ro`yxatga olish bo`yicha muhokamalar olib borilmoqda. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoevning 2019 yil 5 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro`yxatga olishni o`tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi farmoniga muvofiq, 2022 yilda mamlakatimiz zamonaviy tarixida birinchi marta aholini ro`yxatga olish o`tkazilishi belgilangan.
MDHga a`zo mamlakatlar aholini ro`yxatga olish 2020 yil raundida qatnashmoqda. Shunga ko`ra, ro`yxatga olish dasturlariga kiritish uchun ko`rsatkichlar, savollar tarifi va ularni to`ldirish uchun uslubiy ko`rsatmalar Hamdo`stlikka a`zo davlatlar statistika idoralari bilan kelishildi. Bu mintaqada aholining faol harakatlanishi uchun muhim bo`lgan migrasiya hajmi va oqimi to`g`risida solishtirma ma`lumotlarni olish va Hamdo`stlik mamlakatlari nufuzining umumiy ishchi kuchini baholash imkonini beradi.
Tadbirda joriy yil oktyabr oyida Ozarbayjon va Belarus Respublikalarida o`tkazilgan aholini ro`yxatga olishning dastlabki natijalari, mamlakatimiz va Hamdo`stlikka a`zo boshqa davlatlarda aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik jarayoni, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlarini monitoring qilish uchun aholini ro`yxatga olish axborot manbalari imkoniyatlari haqida so`z yuritildi.
– O`zbekistonda oxirgi marta aholini ro`yxatga olish 1989 yilda o`tkazilgan, – deydi Davlat statistika qo`mitasi mas`ul xodimi Sherzod Do`snaev. – Bugungi kunda aholini ro`yxatga olish imkoniyatlari kengaydi. Zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari va ma`lumotlarni to`plashning raqamli usullaridan keng foydalanish, elektron xarita va anketalar, internet, ma`muriy ma`lumotlar manbalari shular jumlasidan. Mazkur xalqaro seminar Hamdo`stlik mamlakatlari statistika idoralari mutaxassislari uchun o`zaro tajriba almashish imkonini beradi, a`zo davlatlarning statistik salohiyatini mustahkamlashga hissa qo`shadi.





