O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordam ko`rsatishning bugungi holati, yutuqlar va muammolar yuzasidan matbuot anjumani o`tkazildi.
So`nggi uch yil mobaynida tibbiyotning ushbu yo`nalishini rivojlantirish bo`yicha tub islohotlar amalga oshirilgani, shoshilinch tibbiy yordam tizimida diagnostika va davolash ishlari jahon tibbiyoti bilan hamqadam rivojlantirilayotgani ta`kidlandi.
Shoshilinch tibbiy yordam shifoxonalarida suyak sinishi va jarohatlarida yangicha jarrohlik va endoprotezlash amaliyotlari, asab va yurak qon-tomir tizimi kasalliklarida yangicha operasiyalar, oshqozon-ichak kasalliklarida yuqori texnologiyali amaliyotlar va boshqa ilmiy-amaliy yangiliklar inson salomatligini asrash va nogironlikning oldini olishda muhim samaralar bermoqda. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida transplantologiya bo`limi tashkil etilib, hozirgi kungacha 80 dan ortiq buyrak transplantasiyasi amaliyoti bajarildi.
Keng qamrovli islohotlar natijasida aholining tez tibbiy yordam xizmatiga bo`lgan ishonchi ortmoqda, murojaatlar yil sayin oshib borayapti. Masalan, taqqoslash uchun aytadigan bo`lsak, 2016 yilda chaqiriqlar soni 7,2 millionni tashkil qilgan bo`lsa, joriy yilning o`tgan davrida esa murojaatlar soni to`qqiz milliondan oshgan.
Shu bilan birga, shoshilinch tibbiy yordam xizmatining stasionar muassasalariga ham murojaatlar ko`paymoqda. Jumladan, 2017-2019 yillarda ushbu shifo maskanlariga 7,5 milliondan ziyod bemor murojaat qilgan. Ularning 2,5 million nafariga stasionar, 5 milliondan ortig`iga esa ambulator tibbiy yordam ko`rsatilgan. Stasionarda davolangan bemorlarning 500 mingdan ortig`ida yuqori texnologiyali xirurgik amaliyotlar bajarilgan.
Tez yordamning maxsus sanitar avtotransport parki yangilangani, tizimda sall-markazlar tashkil etilib, u erda shifokorlar faoliyat yuritishi, “tez yordam” mashinalari GPS-moslamalari bilan jihozlangani xalqimizning salomatligini muhofazalashda muhim omil bo`lmoqda. Bugungi kunda tizimda ikki yarim mingga yaqin “Nissan”, “Hunday”, “Toyota” rusumli va boshqa zamonaviy tez yordam mashinasi aholiga xizmat ko`rsatmoqda.
Ayni paytda tez yordam avtoparkini yanada zamonaviylashtirish ishlari tizimli davom etmoqda. 2021 yilgacha “Damas” avtomashinalaridan to`liq voz kechilib, xalqaro andozalar darajasida jihozlangan zamonaviy tibbiy yordam mashinalariga o`tiladi. 2019 yil yakuniga qadar barcha tez yordam mashinalarida qulay aloqani, chaqiriqlar uchun mashinani tezkor yo`naltirishni ta`minlovchi GPS tizimini to`liq yo`lga qo`yish belgilangan. Mutaxassislar ma`lumotlariga ko`ra, 2021 yilgacha tez yordam tizimi xalqaro standartlarga javob beradigan, zamonaviy avtomobillarga to`liq o`tadi.






