AsosiyJamiyat

SSV: 2017–2019 yillarda shoshilinch va tez yordam shifokorlariga 266 marta tajovuz qilingan

'SSV: 2017–2019 yillarda shoshilinch va tez yordam shifokorlariga 266 marta tajovuz qilingan'ning rasmi

2017 – 2019 yillarda birgina shoshilinch va tez yordam tizimi shifokorlariga bemorlarning yaqinlari va qarindoshlari tomonidan 266 marta zo`ravonlik qilish, ularga tan jarohati etkazish kabi noqonuniy harakatlar sodir etilgan. 

Bundan 340 nafardan ko`proq tibbiyot xodimlari jabr ko`rgan. Ushbu vaziyatda bor yo`g`i 40 holatda jazo chorasi qo`llanilgan. 109 holatda yarashtiruv bilan ish tugallangan, 128 holatda shifokorlarga tahdid qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy jazo ko`rish masalasi hal etilmagan. Taassufki, vazirligimiz jinoyatga huquqiy baho berish, aniqlash va jazolash vakolatiga ega emas.

Tahlillar shuni ko`rsatadiki, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati etkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan engil hisoblanadi. Holbuki, huquq-tartibot organlari xodimlari bilan shunday holat ro`y bersa, aybdor qonun oldida qat`iy javob beradi. Ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilinishicha, yaqinda Buxoroda yo`l patrul xizmati inspektorining ko`krak nishoni, radioaloqa vositasi va jezl tayog`ini tortib olgan fuqaro 10 oyga qamaldi. Bundan bir muddat oldin Navoiyda tez tibbiy yordam shifokorini haqoratlab, tahqirlagan holatga bevosita vazirligimizning murojaatidan so`ng ham aybdor shaxs esa 15 sutka qamoq va ozgina jarima bilan qutulib ketganligini qanday baholash mumkin?

Shundan kelib chiqib, yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ko`magida “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo`shimcha kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi va birinchi o`qishda qabul qilindi. Ayni paytda soha mutaxassislari va ekspertlari tomonidan ikkinchi o`qishga tayyorlanmoqda.

Sog`liqni saqlash vazirligi fuqarolar zimmalariga zalvorli mas`uliyat yukini olib, insonlar salomatligi yo`lida kunu tun xizmat qilayotgan shifokorlar mehnatini qadrlashni o`zlarining vijdoniy burchlari deb bilishlari va bu borada qonun ustuvorligini ta`minlashga hamda qat`iy jamoatchilik nazoratini o`rnatishga o`z hissalarini qo`shishlarini so`rab qoladi.

 

    Boshqa yangiliklar