Qalbaki hujjatlar tayyorlab berayotgan Samarqanddagi «Sanjar gaz servis» xususiy korxonasi kimlarnidir panohi ostida o`zining noqonuniy faoliyatini davom ettirmoqda, deya xabar qiladi 12news.uz.
Avtomashina gazga qayta jihozlanib, o`rnatilgan gaz balloni gidravlik sinovdan o`tkazilganligi haqidagi soxta hujjatlarni va haydovchining texnika xavfsizligi bo`yicha o`qiganligi to`g`risidagi guvohnomani «Sanjar gaz serviz» korxonasidan pulga sotib olish mumkin.
«Avtomobillarni gaz bilan to`ldirish kompressor stansiyalari shaxobchalarini rivojlantirish hamda avtotransport vositalarini suyultirilgan va siqilgan gazga bosqichma-bosqich o`tkazish chora-tadbirlari to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 10 fevraldagi 30-sonli karoriga asosan Avtotransport vositalarini ekologik toza yoqilg`i turlari bilan o`z vaqtida ta`minlash, avtomobil benzinini ular bilan almashtirish, respublikaning transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida suyultirilgan va siqilgan gazdan foydalanish hajmini tegishli ravishda ko`paytirish, avtomobillarni gaz bilan to`ldirish kompressor stansiyalari va avtomobillarga gaz quyish stansiyalari shaxobchalarini rivojlantirish belgilab berilgan.
Hozirgi vaqtda O`zbekistonda mingdan ortiq gaz quyish shaxobchalari ochilgan bo`lib, 800tasi suyultirilgan gaz va 350tasi siqilgan gaz to`ldirish kompressor shaxobchalari hisoblanadi. Demak, gazga o`tkazilgan avtotransport vositalari ham shunga mos ravishda ko`payib bormoqda. Birovlar bu sohada amaldagi qonun va qarorlar asosida faoliyat yurgizayotgan bo`lsa, boshqalar ustamonlik bilan qonun talablarini pisand qilmasdan, yaxshigina daromad qilishmoqda.
Ushbu masala bo`yicha o`ziga xos jurnalist tekshiruvi o`tkazib, quyidagilarni aniqladim. Shaxsiy mashinam yo`qligi sababli bir tanishimning texnik pasportini olib, Turkiston ko`chasida joylashgan do`konga bordim va Shuhrat Hamzaev ismli kishiga uchrashdim. Unga bundan 4-5 oy oldin ukam shu do`kondan gaz uskunasi sotib olganligini va endi shu uskunani uning mashinasiga qo`ydirmoqchi ekanligimni aytdim. Shuhrat mashina va uskunani keltirish kerakligini ta`kidladi. Unga ukam Rossiyaga ketib qolganligini va menga bu ish uchun 30 ming so`m pul qoldirganligi aytganimda, u mendan pulni sanab oldi-da, muhr va imzolar qo`yilgan tayyor blankalarga guvohnoma va dalolatnoma yozib berdi.
Ushbu soxta hujjatlarda avtomashina «Sanjar gaz serviz» korxonasida gazga qayta jihozlanib, gaz balloni gidravlik sinovdan o`tkazilganligi uqtirilgan edi. Haydovchining texnika xavfsizligi bo`yicha o`qiganligi haqidagi guvohnomani ham zarur ekanligini aytganimda, Shuhrat buning uchun yana 20 ming so`m to`lashim kerakligini bildirdi. Pulni olib, guvohnomani yozib berdi.
Guvohnomada «Sanjar gaz servis» korxonasi muhri bosilgan, aslida esa surat yopishtirilgandan keyin uning ustidan muhr bosilishi kerak edi. Suratsiz guvohnomani oldim, keyin suratini yopishtiraman dedim. Ilgarilari Moskvadagi metro bekatlarida yoki Qozon vokzalida turli xil hujjatlarni sotib olish mumkin deb eshitgan edim. Ammo birov o`zimizda ham oddiy do`konda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi rasmiy hujjati sotiladi desa, hech ishonmagan bo`lardim.
Tekshirib aniqlaganlarim haqida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasiga shikoyat-ariza bilan murojaat qildim. U erdan arizamni shahar bo`limiga yuborishdi. Shahar bo`limi tomondan berilgan javobda, jumladan shunday deyilgan: «Sanjar gaz servis» XK rahbari Malikov Sanjar va boshqalarga nisbatan bo`lim tomonidan 2014 yil 15 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi JKning 209-moddasi 1-qismi alomatlari bilan jinoyat ishi ko`zg`atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda».
Shundan so`ng ish shahar prokuraturasiga oshirilganligini qulog`imga chalingan edi. Shahar prokuraturasidan hech qanday javob bo`lmadi. Uch oydan keyin prokuraturaga yozma ravishda murojaat qilaman deb turganimda, Jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand shahar sudidan qo`ng`iroq qilishdi. Faqat bir marta sud jarayonida qatnashdim. Hukmni olganimdan keyin sud 2014 yil 17 noyabrda tugaganidan xabardor bo`ldim.
Hukmdan tegishli joyini keltirmoqchiman: “Sudlanuvchi Malikov Sanjar Alisherovich O`zbekiston Respublikasi JK209-moddasining 1-qismi bilan aybli deb topilsin.
Sudlanuvchi Malikov Sanjar Alisherovich O`zbekiston Respublikasi JK209- moddasining 1-qismi bilan O`zbekiston Respublikasi JKning71-moddasiga asosan jazodan ozod etilsin.
Sudlanuvchi Hamzaev Shuhrat Mirxasanovich O`zbekiston Respublikasi JK 28,209-moddasining 1-qismi bilan aybli deb topilsin.
Sudlanuvchi Hamzaev Shuhrat Mirxasanovich O`zbekiston Respublikasi JK 28,209-moddasining 1qismi bilan O`zbekiston Respublikasi JK 71-moddasiga asosan jazodan ozod etilsin”.
Yuqoridagilarni o`qib, hech narsani tushunmadim. Sudlanuvchilar bir tomondan aybli deb topilmoqda, ikkinchi tomondan jazodan ozod etilmoqda. O`zbekiston Respublikasi JKning 209-moddasining 1-qismida mansab soxtakorligi, ya`ni mansabdor shaxsning g`arazgo`ylik yoki boshqa manfaatlarini ko`zlab, rasmiy hujjatlarga bila turib, soxta ma`lumotlar va yozuvlar kiritishi, hujjatlarni qalbakilashtirishi yoki bila turib, soxta hujjatlar tuzishi va taqdim etishi, fuqarolarning huquqlarini yoki qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar etkazilishiga sabab bo`lsa, eng kam oylik ish haqining yuz barobaridan uch yuz barobarigacha miqdorda jarima yoki besh yilgacha muayyan huqukdan mahrum kilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, deyilgan.
O`zbekiston Respublikasi JKning 71-moddasida aybdor o`z qilmishiga amalda pushaymon bo`lganligi munosabati bilan jazodan ozod qilish ko`rsatib o`tilgan. Balki sudya sudlanuvchilar haqiqatdan ham o`z qilmishlariga pushaymon bo`lishdi, qaytib bunaqa ishlarni qilishmaydi, deb shunday hukm chiqargandir.
Ammo men ularning bu darajada o`zgarganliklariga ishonmaganligim sababli yana «Sanjar gaz servis»ning sho``ba korxonasiga borishimga to`g`ri keldi. Davlat raqami 30 320 TAA «Damas» rusumli avtomashina haydovchisi hamda boshqa jurnalist hamkasbim bilan birga korxonaga borib, mashinaning gaz ballonini gidravlik sinovdan o`tkazish 50-60 ming so`m, faqat qog`ozda sinov o`tkazildi, deb hujjatni to`ldirib berish 20 ming so`m turishini aniqladik. Biz ham 20 ming so`m berib, rasmiy hujjatni sotib oldik.
Korxonaning darvozasida katta qilib «Sanjar gaz servis» deb yozib qo`yilgan bo`lsa-da, blanka va muhrda «Shahrisabz gaz servis» sho``ba korxonasi ko`rsatilgan. 336 – sonli dalolatnomani 2014 yil, 26 dekabrda to`ldirib berishdi. Agarda aybdorlar o`z qilmishiga pushaymon bo`lganligi shu bo`lsa, jazodan qutilib yana o`sha holatlar takrorlanayotgan bo`lishsa, unda mening shuncha qilgan mehnatim, bular bilan olib borgan ishlarim natijasiz qolib ketadiganga o`xshaydi. «It akillaydi, karvon o`taveradi» deganlaridek ilgarigiday Sanjar Malikov o`z ishini davom etaversa, Shuxrat Hamzaev do`konida faoliyati olib borayotgani bejiz bo`lmasa kerak?
Men arizamda Shuhrat Hamzaevning «Sanjar gaz servis» korxonasi bilan qanday aloqasi borligi hamda «Sanjar gaz servis» XKning Davlat standartlashtirish idoralaridan akkreditasiyasi bor-yo`qligi, “Sanoatkontexnazorat” tashkilotidan ruxsatnoma olgani yoki yo`qligi va gaz ballonini gidravlik sinovdan o`tkazadigan laboratoriyasi bor-yo`qligini aniqlashlarini so`ragan edim. Bu savollar javobsiz qolib ketdi, faqat sudda Sanjardan so`raganimda, “endi tashkil qilaman” deya javob bergan edi.
Masalan, “Exo ugol servis” korxonasida bo`lib, uning ishlari bilan tanishdim. Korxonada barcha kerakli ruxsatnomalar bor ekan hamda laboratoriya va u erda ishlaydigan mutaxasislar amaldagi talablarga javob berishlariga amin bo`ldim. Faqat shunday sharoiti bor korxonada gaz uskunasini qo`ydirish yoki gidravlik sinovdan o`tkazish mumkin. Faqat shundagina avtomashinani qo`rqmasdan haydasa bo`ladi. Xuddi shunday haydovchilarni texnika xavfsizligi bo`yicha o`qitib, keyin guvohnoma berilishi maqsadga muvofiqdir. Aks holda haydovchi favqulodda vaziyat yuz berganda, masalan gaz hidini sezib qolsa yoki gaz quyish shaxobchasida biror hodisa yuz bersa, nima qilishini bilmasdan qoladi. Natijada ko`ngilsiz holatlar yuz beradi, avtomashina portlab ketishi mumkin.
Sanjar va uning sheriklari nafaqat rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish bilan shug`ullanishmoqda. Ular, shu bilan birga, davlat va jamiyatga katta zarar etkazishmoqda. Shularni inobatga olib, ularning ishi bilan mutasaddi tashkilotlar jiddiy shug`ullanishlari maqsadga muvofiqdir.





