Bosma va internet OAV jurnalistlari, blogerlar o`rtasida «E`tirof» tanloviga start berildi. Bu haqda «Nigoh.uz»ga asoslanib «Xushnudbek.uz» xabar berdi.
O`zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi matbuot va internet nashrlarda jamiyat hayotida kechayotgan jarayonlar tezkor, xolis va haqqoniy, tahliliy jihatdan yuksak saviyada yoritilgan materiallar ko`lamini oshirish, bosma nashrlarni shaklan va mazmunan takomillashtirish, jamiyat yangilanishidagi jarayonlarni yoritish, dunyo axborot maydonida o`z o`rnini egallashi, raqobatbardosh bo`lishi, OAV nufuzini oshirish va jurnalistlarning kasbiy mahorati o`sishiga ko`maklashish, nashrlar o`rtasida professional aloqalarni yo`lga qo`yish, iqtidorli mualliflarni rag`batlantirish maqsadida gazeta, jurnallar, internet agentliklari va nashrlari jurnalistlari, shuningdek blogerlar o`rtasida «E`tirof» tanlovini e`lon qiladi.
Tanlov O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi moliyaviy ko`magida o`tkaziladi.
Tanlov nominasiyalari:
- eng yaxshi bosma OAV jurnalisti
- eng yaxshi yil fotosuratchisi
- yil debyuti (ilk bor o`zini tanitgan)
- eng yaxshi tarmoq OAV jurnalisti
- eng yaxshi yil blogeri
- eng yaxshi hududiy gazeta
Taqdim qilingan ijodiy ishlar 2014 yilning 1 yanvaridan 2015 yilning 1 yanvarigacha bo`lgan davrda bosma va internet nashrlarda chop etilishi kerak. G`oliblar quyidagi mezonlar bo`yicha aniqlanadi:
- mavzuning jamiyatda ahamiyatga molikligi, dolzarbligi va material mazmuni;
- yoritishdagi mahorat;
- materialni taqdim etish shakllarining yangiligi, o`ziga xosligi va ifodaliligi.
Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar etakchi jurnalistlar, jamoat tashkilotlari va tegishli idoralar vakillaridan iborat hay`at tomonidan baholanadi.
Ijodiy ishlarga muallif to`g`risida (familiyasi, ismi, professional faoliyati to`g`risida qisqacha ma`lumot, pasport nusxasi) ma`lumotlar ilova qilinadi.
Tanlovda qatnashish istagini bildirgan tahririyatlar fond direksiyasiga yozma ravishda murojaat qilishlari lozim.
Tanlov g`oliblari «O`zbekiston Matbuoti» III Milliy forumida e`lon qilinadi. Tanlovda qatnashish uchun arizalar 2015 yil 4 fevraligacha quyidagi manzilda qabul qilinadi.





