AsosiyShou-biznes

G`am-anduhli hayot yoxud kechikkan operasiya

Kinotomoshabinlarga Shurik nomi bilan tanilgan aktyor Aleksandr Demyanenkoning hayoti turli kechinmalarga boy edi U zangori ekran orqali tomoshabinlarni kuldirgan bo`lsa-da, shaxsiy hayoti havas qilgulik emasdi. To`g`ri, faoliyatining ma`lum bosqichida sezilarli muvaffaqiyatga erishdi, biroq bora-bora aynan shu yutuqlari ishlariga g`ov bo`la boshladi. Umuman aytganda esa, Aleksandr Demyanenkoning ma`yus nigohi g`am-anduhga yo`g`rilgan hayotini aks ettiradi, deyish mumkin...

Birinchi, ikkinchi, uchinchi xotin

Aleksandr Demyanenko 1937 yilning 30 mayida Sverdlovskda dunyoga kelgan. Otasi Sergey Petrovich aktyor bo`lib, mudom ayollar qurshovida edi. To`ng`ich o`g`li tug`ilgach, u xotini bilan ajrashib, ikkinchi marta uylandi. Bu nikohdan bir o`g`il va bir qiz dunyoga keldi. Oradan ma`lum vaqt o`tgach, Sergey Petrovich birinchi oilasiga qaytdi va Sashaning ikki singlisi – Natalya va Tatyana tug`ildi.
Sergey Petrovichning besh nafar farzandi o`zaro ahil-inoq edi. U esa... uchinchi marta uylandi va bu xotini – Zoya Pavlovna bilan umrining oxirigacha yashadi.

Hamisha otasining yonida yurgan Sasha teatrga qiziqib qoldi. Shu bois madaniyat uyi to`garagiga qatnab, rollar o`ynay boshladi. U musiqiy maktabda tahsil olardi...
1954 yili maktabni tamomlagan Sasha Sverdlovsk universitetining huquqshunoslik fakultetiga o`qishga kirdi. Ammo yarim yil o`qidi, xolos. Uni sahna o`ziga tortardi. Ikkinchi yili Moskvaga yo`l oldi. So`ng ota-onasiga telegramma yubordi: “Men Shchukin oliy o`quv yurtiga qabul qilindim”.
Aleksandr Demyanenkoning o`qishi yaxshi, lekin ko`p dars qoldirardi. Mashg`ulot chog`ida u qo`lini ko`tarib, o`qituvchidan so`rardi: “Tashqariga chiqsam maylimi?” O`qituvchi ruxsat bergach, auditoriyadan chiqar va to`ppa-to`g`ri Sverdlovskka ketib qolardi.
Ikkinchi kursda o`qiyotganida GITIS rejissyorlari Aleksandr Alov va Vladimir Naumov Sashani “Shamol” filmiga taklif qilishdi. Bu rol tomoshabinlar qatori kinoustalarining ham e`tiborini qozondi. Kinoda yangi qahramon — mardonavor, kamtarin, ziyoli yosh yigit paydo bo`lgandi.

1959 yili GITISni tamomlagan Aleksandr Demyanenkoni Moska drama teatriga taklif qilishdi. U bu dargohda uch yil ishladi. Demyanenkoni kino o`ziga ko`proq tortardi. U yana Alov va Naumovning filmida suratga tushdi. Keyin ishtirokidagi yana ikkita film ekranlarga chiqdi. U “Dima Gorinning martabasi”da halol kassir rolini ijro etdi. Ikkinchi filmning nomi “Katta bolalar” bo`lib, Demyanenko Didiya Aleshnikova bilan birga o`ynadi.

1962 yilda Demyanenko teatrni tark etib, Moskvadan Leningradga ko`chib o`tdi. U “Lenfilm”da faol suratga tushar, Moskvada yashash uchun joyi yo`q edi. Leningradda esa uy berishgandi.
“Lenfilm”da Aleksandr “Bo`m-bo`sh reys” (1962), “Davlat jinoyatchisi” (1964) filmlarida rollar ijro etdi. Asta-sekin tanildi. Uning rollari haqida matbuotda yozib, rasmlari sotiladigan bo`ldi. Ammo Demyanenkoning qahramonlari bir qolipda edi: ishi yurishmaydigan navqiron, biroq hamisha vijdonli, qat`iyatli... Gayday bilan uchrashmaganida Demyanenkoning keyingi taqdiri qanday kechishi hali noma`lum edi.

Vladikmi yo Shurik?

60-yilning o`rtalarida rejissyor Leonid Gayday komediya suratga olishga kirishdi. Ssenariy “Jiddiy bo`lmagan sarguzashtlar” deb nomlangandi. Bosh qahramon – Vladik Arkov ism-sharifli talaba edi. Rejissyor mazkur rolga 40 nafar da`vogarni sinovdan o`tkazsa-da, hech biri yoqmadi. Shunda kimdir shipshib qoldi: “Leningradda yaxshi aktyor bor”. Leonid Iovich ishini tashlab, Leningradga yo`l oldi...

Demyanenko qorasoch edi. Filmda uni sariq sochli qaqramonga aylantirishdi.
“O`shanda terisining qabariqlarigacha bo`yab tashladilar, — deb eslagandi xotini Lyudmila Akimovna. — Bo`yoqlar judayam sifatsiz edi”.
Filmni suratga olish ishlari boshlandi. Ijodiy guruhdan kimdir Gaydayga maslahat berdi: “Qahramonning ismi Shurik bo`la qolsin”. Gayday ko`ndi.
Ko`p o`tmay, “I” operasiyasi va Shurikning boshqa sarguzashtlari” paydo bo`ldi.
Shurik roli Demyanenkoga nihoyatda ulkan omad va shon-shuhrat olib keldi. Oradan ikki yil o`tgach, rejissyor bu qahramonning navbatdagi hangomasi — “Kavkaz asirasi yoxud Shurikning yangi sarguzashtlari” filmini ishladi. Keyinroq esa “Ivan Vasilevich kasbini o`zgartiradi” ekranlarga chiqdi.

Mashhurlik va... fojia

“Shurik” Demyanenkoga o`chmas tamg`a misoli yopishib qoldi. U ko`chaga chiqolmasdi. Aktyorni o`rab olib, elkasiga qoqishar, sensirashga o`tib, ko`zoynagini to`g`irlashga, qulog`idan cho`zishga urinishardi. Demyanenko esa kamtarin va indamas bo`lib, betakalluflikni yoqtirmas, jirkanardi. Ammo muxlislarning to`lqinini to`xtatib bo`lmasdi.
Shurik roli tufayli uni tomoshabinlar bilan uchrashuvlarga taklif qilishardi (bu aktyorning ikkinchi daromad manbai edi). Biroq...
Ko`p o`tmay, omadli deb topilgan rol fojiaga yuz burdi — ko`pgina jiddiy rejissyorlar unga rollar berishni bas qilishdi. Ular Demyanenkoga ishonishdan qo`rqishardi. Tomoshabin qo`lini bigiz qilib, “ey, axir, bu Shurik-ku”, deyishini o`ylashardi.

Demyanenko xotiralaridan: “Men shunchalik mashhur edimki, rejissyorlar: “sen, hatto shifokorni o`ynasang ham Shurikligingcha qolasan”, deb bosh chayqashardi. Ishsiz qolish yanada ko`ngilsiz edi”.

Xayriyat, teatr bor...

Demyanenkoni teatr va TV qutqarib qoldi. U dublyajga boshi bilan sho`ng`idi. Robert De Niro, Jan-Pol Belmondo, Umar Sharif, Ugo Tonyassi, Jon Voytlar Demyanenko ovozida gapirishgan. U Georgiy Visin kabi multfilmlarga ham ovoz beradigan bo`ldi.

Kinoda Aleksandr Demyanenko boshqa tuzukroq qiyofa yarata olmadi. Shurik obrazi aktyorning bo`ynida toshdek osilib turardi. Shu bois, unga ikkinchi darajali, kichik rollarni berishardi. Demyanenko kinoda suratga tushaverdi. U umrining oxirigacha 73 ta filmda rol o`ynadi.

Demyanenko “Lenfilm”dan ketgach, Akimov nomidagi komediya teatrida faoliyat ko`rsatdi. 1996 yildan esa Sankt-Peterburgdagi “Mug`ombirlar makoni” teatrida ishlay boshladi. “Vladimir maydoni” va “Antigona” spektakllarida rollar ijro etdi. Ijrosi ajoyib bo`lsa-da, bu teatr uncha katta emas, shu bois, keng omma bilavermasdi.

Muhabbat, shaxsiy hayot

Demyanenko birinchi xotini bilan yoshligida tanishgandi. Birgalikda 16 yil yashashdi. Keyin esa... u jomadonini oldi-yu, uydan chiqib ketdi. Yangi mahbubasi “Lenfilm” rejissyorining yordamchisi Lyudmila edi. Aktyor u bilan dublyajda tanishgandi.
Lyudmila Akimovna shunday deb eslaydi:
“Biz sira janjallashmaganmiz. Yigirma to`rt yillik birgalikdagi hayotimiz mobaynida bir martayam tortishganimiz yo`q. Shuncha yil yashab, bir-birimizdan negadir xijolat tortardik”.
Bu Lyudmila Akimovnaning ham ikkinchi nikohi edi. U birinchi turmushidan qizi Anjelikani tarbiyalardi (Lika aktrisa bo`lib etishdi, “Ityurak”, “Sayyoralar tantanasi”, “Baxtli kunlar” filmlarida suratga tushdi).
Aleksandr Sergeevich Anjelikaga mehr bilan qarardi. Ular bir-birlari bilan muloyim gaplashishardi.

Demyanenko o`zi xushmuomala inson bo`lgan. Boshqa ruslardan farqli o`laroq, u o`zining ota-onasini “siz”lab gapirgan. Demyanenkoning... o`zining farzandlari yo`q edi. Uchrashuvlarda so`rab qolishsa, “o`gay qizim bor”, derdi. “O`gay” so`zini hurmat bilan tilga olardi.
U har doim mas`uliyatni his qilib ishlardi. Dala-hovlini yaxshi ko`rardi. Ko`p kitob mutolaa qilardi. Kamtarinligi haddan ziyod darajada edi. Masalan, yirik avtomobil kompaniyasi mashina sovg`a bermoqchi bo`lganida rad qilgan.

Demyanenko tasodifiy tanishlar, ortiqcha uchrashuvlardan qochardi. Yuriy Nikulinni hurmat qilsa-da, uning “Oq to`tiqush” nomli ko`rsatuvida ishtirok etishdan bosh tortdi. Agar intellektual dasturda ishtirok etganida millionlab pullarni yutib olishi mumkin edi. Chunki, Demyanenko bilim doirasi keng, aql-zakovatli bo`lib, juda ko`p narsani bilardi. Ayrim aktyorlar ekranda aqlli insonlarni o`ynashadi, hayotda esa go`l, kaltafahm bo`ladilar. Demyanenkoda mutlaqo aksi edi.

1 sentyabrda, ta`tildan so`ng

Aleksandr Demnenkoning yuragi xastaligi, uni operasiya qilish kerakligini hech kim bilmagan. Bu kasallik Kazakov teatri bosh rejissyori barcha xalq artistlarini chaqirib, gaplashib olganidan so`ng boshlangan edi. Ayol Demyanenkoga shunday degandi:
“Men sizni teatr artisti sifatida bilmayman, kinoda ko`rganman, xolos”.
Demyanenkoning jahli chiqib ketdi: “Tushunarli, rahmat. Demak, men ishdan bo`shatildim”. Uning yuzi oqarib chiqdi: “Men hech kimga kerak emasman. Meni tanishmaydi ham...”

Uni kinoga juda kam taklif qiladigan bo`lishgandi. Demyanenko “Qulupnayjon” serialida o`ynashga majbur bo`ldi. U bu tijoriy loyihani jonlantirib yubordi. Har kuni serialning yangi qismi suratga olinardi. Demyanenko avval Moskvadagi mehmonxonada, so`ng ijara uyda yashashga majbur bo`ldi. Uyiga faqat yakshanba kunlari kelardi. Biror kun ham ijodiy guruh ishini barbod qilmasdi.
Serialni suratga olayotganlarida Demyanenkoning o`ng ko`zi ko`rmay qoldi. Moskvada operasiya qilindi. Bu aktyorning birinchi narkozi bo`lib, uni juda og`ir o`tkazdi. Natijada tanasida yashirinib yotgan jarohatlar bosh ko`tardi. Vrachlar, yazva — yarali kasallik, deyishdi. Aktyorning ahvoli og`irlashgach, bu yazva emasligi, balki ikkinchi infarkt ro`y bergani ayon bo`ldi. Vaholanki, Demyanenko infarktning birinchisini ham xayoliga keltirmagandi. Zudlikda operasiya qilish kerak edi.

1999 yil yozida dahshatli jazirama boshlandi. Shifokorlar ko`rsatmasiga ko`ra, Aleksandr Sergeevich koronarografiyaga tayyorlandi. Uni operasiya qilish shifokorlar ta`tildan qaytadigan va salqin boshlanadigan 1 sentyabr kuniga belgilandi. Biroq...
Aleksandr Demyanenko 22 avgust kuni hayotdan ko`z yumdi... “Operasiya “I” qahramoni ijrochisini operasiya qilishga kechikkan edilar...

Anvar Namozov

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar