Yong`inlar bilan bog`liq tahlillar shuni ko`rsatadiki, ofatning kelib chiqish omillari asosan ehtiyotsizlik tufaylidir. Xususan, kunlar sovishi bilan aholi o`rtasida isitish moslamalariga bo`lgan ehtiyoj keskin ortadi.
Shu paytda ayrim fuqarolarning nosoz va qo`lbola isitish vositalaridan foydalanishlari natijasida ko`plab yong`inlar sodir bo`lmoqda. Masalan, o`tgan 2014 yilning yanvar oyida respublika bo`yicha jami 1194 ta yong`in yuz bergan bo`lsa, shularning 468 tasi, fevral oyida 1215 ta yong`indan 540 tasi, noyabr oyida 1067 ta yong`indan 297 tasi, dekabr oyida esa 1770 ta yong`indan 522 tasi isitish moslamalaridan noto`g`ri foydalanish natijasida sodir bo`lgan.
Afsuslanarli tomoni shundaki, ushbu yong`inlar oqibatida 2 mlrd. 767 mln. 625 ming so`m miqdorida zarar ko`rilgan, 52 nafar fuqaro tan jarohati olgan, 15 nafar kishi halok bo`lgan.
Misol uchun, Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumani A.Temur ko`chasida yashagan J.Olimovning uyida qo`lbola elektr isitish moslamasidan foydalanish oqibatida yong`in sodir bo`lib, 42 kv.m. maydonda uyning tom qismi, shifti va jihozlari yonib zararlangan. Baxtsiz voqea natijasida uy egasi va uning 2000 yilda tug`ilgan qizi halok bo`lgan, turmush o`rtog`i esa kuyish tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Farg`ona viloyati Qo`qon shahrida yashovchi M.Usmonov uyida isitish moslamasini yoqib, nazoratsiz qoldirishi natijasida yong`in sodir bo`lgan va tutundan dimiqib vafot etgan. Jizzax viloyati Zomin tumanida yashovchi A.Abdurahmonov uyida bir yarim yoshli bola belangan beshikni isitish pechiga yaqin masofada qo`yib, e`tiborsiz qoldirgan. Pechning qattiq isishi beshikning yonib ketishiga sabab bo`lgan. Natijada bola kuyish tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Bundan tashqari, fuqarolarimizning gaz asbob-uskunalarini noto`g`ri ishlatishlari, texnik qoidalarga rioya etmasliklari hamda boshqa sabablarga ko`ra gaz va havo aralashmasining chaqnashlari sodir bo`lib, ushbu ko`ngilsiz hodisalardan insonlarning tan jarohati olishlari va halok bo`lish holatlari ham uchramoqda. 2014 yilda respublika hududida gaz va havo aralashmasining chaqnashlari oqibatida 53 ta yong`in qayd etilib, ularda 3 nafar fuqaro halok bo`lgan va 18 nafar fuqaro kuyish tan jarohatini olgan. Misol uchun, Surxondaryo viloyati Sho`rchi tumanida yashovchi S.To`raevning uyidagi isitish pechidan gaz sizib chiqishi natijasida xonaga tabiiy gaz to`planib qolgan. Uy egasining elektr chirog`ini yoqishi natijasida gaz va havo aralashmasining chaqnashidan yong`in sodir bo`lib, xonadon a`zolari turli darajada kuyish tan jarohati olishgan.
Yuz berayotgan yong`inlar insonlarning hayotiga xavf solishi va ko`p mashaqqatlar evaziga bunyod etilgan uy-joylar, yillab to`plagan mol-mulklarning bir zumda yonib ketishiga olib kelmoqda. Shu bois, har birimiz doimo ogoh bo`lishimiz, yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya etishimiz lozim. Ogohlik ham obodlik va taraqqiyot omili ekanligini unutmaylik.
manba: qishloqhayoti.uz





