AsosiyJamiyat

ZALOLATDAN DALOLAT

So`fiy tabib Nursafardiy yoki Safarboy Kushkarovning diniy faoliyati va nashr qilgan adabiyotlari yuzasidan xulosalar

Ma`lumki, tasavvuf insonni ma`naviy yuksaklikka, komillikka undaydi. Bahovuddin Naqshband, Najmidding Kubro, Ahmad Yassaviy singari buyuk allomalar tasavvuf tarixida katta o`rin tutadilar. Mumtoz adabiyotimizning teran ildizlari ham bevosita tasavvufdan bahra olgani hech kimga sir emas.

Biroq, bugungi kunda tasavvuf tarixi va tartib-qoidalaridan etarlicha xabardor bo`lmasdan o`zini ana shu oqimga aloqador deya da`vo qilayotgan, bu borada kitoblar yozib, ko`pchilikni izidan ergashtirishga urinayotganlar ham yo`q emas. Saparboy Kushkarov ham  o`z izdoshlari orasida  ham tasavvuf, ham xalq tabobatini bilimdoni sifatida anchagina dovrug` taratgan.

Safarboy Kushkarovning tibbiy faoliyati alohida mavzu. Bu xususda ham shu soha mutaxassislari o`z mushohadalarini bildirishar. Hozircha, faqat uning tasavvuf borasidagi qarashlariga, xususan tariqat sifatida Nursafardiyya faoliyati, uning tarixiy tasavvuf yo`nalishlariga nisbatan mavqei xususida so`z yuritmoqchimiz.

Safarboy Kushkarovning yozishicha,  "sufiylik tizimining paydo bo`lish davri Odam (a.s.)ning uchinchi o`g`li Shish (Shis a.s.)ga borib taqaladi. Aynan shu davrda Alloh Shishga 60 oyatlik kitob jo`natdi. Shundan bir qismida ilohga erishish yo`llari ko`rsatilgan bo`lib, ikkinchi qismi inson salomatligiga bag`ishlangan. Sufiylik insonni to`rt darajada mukammallika erishtirib, iloh bilan to`g`ridan-to`g`ri munosabatda bo`lish va undan ilohiy amallarni olgan holda insonlarga xizmat qilishdir. Sufiylik ayrim davrlarda u yoki bu dinda bo`lishga majbur bo`lgan. Ya`ni o`zini saqlab qolish uchun. Aslida u hech qanday din va falsafa bilan bog`lanmagan holda mukammal tizim sifatida paydo bo`lgan".

U o`zining Hindiston, Tibet va boshqa joylardaga qilgan safarlari, yoga, lamalardan olgan ta`limi haqida gapirib, "Hamma joyda meni Allohning o`zi asrab, boshqa hech bir ilm, din va falsafani tafakkurimga kirgizmadi va vujudimda bo`shliq yaratib, ilhom yo`li orqali borlig`imga chuqur falsafiy xabarlar in`om etdi "- deydi "Nursafardiyya ilohiy falsafasi" kitobida.

Yana bir muhim fakt. Ko`rib chiqilgan Nursafardiyya adabiyotlarida biror marta ham payg`ambarimiz Muhammad (s.a.v)ning ismlari yoki hadislari keltirilmagan. Ayrim o`rinlarda kalligrafik uslubda yozilgan "Muhammad" so`zi bilib-bilmagan holda kitobga qo`yilgan. Hadislarda bayon qilingan odob-axloqqa oid, tarbiyaga oid ma`nolar o`zlashtirib keltirilgan.

Ba`zi o`rinlarda (So`fiy tabib Nursafardiy "Tanlangan asarlar", 3-bo`lim, 44-bet) payg`ambar darajasiga etganlar sifatida "Iyso, Ibrohim va Muhammad payg`ambarlar" deb keltiriladi. Tahlil ko`rsatadiki, hozirgi shayxlikning ortida navbat kutayotgan payg`ambarlik da`vosi ham bordek. Bu fikrlar isbotini  S.Kushkarovning shogirdlari tomonidan u haqda yozilgan kitoblarda ham ko`rish  mumkin. "Ajdodlar umidi" kitobida u kishining izdoshlaridan biri Shokir Ahrorov shunday yozadi. "...Bu olam ichra turli tariqat oqimlari o`tgan va uning davomchilari hozir ham mavjud. Safarboy otaning Nursafardiyya tariqati Haqqa etishmoqning mukammal omillarni o`ziga shior qilgan, ya`ni Haq yo`lida haqparvar, xalq yo`lida xalqparvar".

Kitobda yana shunday jumlalar uchraydi: "Olamda shunday insonlar tug`iladilarki, ularning inon-ixtiyorlari o`z qo`llarida bo`lmay, ilohning ma`lum kuchlari tomonidan boshqariladi. Bu holat oxir-oqibat ilohiy jarayon orqali mukammallikka erishgan komil insonni karomat sohibiga aylantiradi. Shayx Nursafardiyning hayoti ana shunday ilohiy karomatlar ta`sirida sehrli va mo``jizali betakror bir umrga aylandi. Avliyo darajasiga etdi".

Darvoqe, karomat, mo``jiza haqidagi tushunchalarga biroz aniqlik kiritsak.  Karomat – Allohning solih bandalari hayotida bo`ladigan noodatiy holatdir. Bunga suv ustida yurish, havoga ko`tarilish kabilar kiradi. Sharti o`sha odam solih bo`lishi kerak. Aksincha bunday holat karomat emas, shaytonning ko`magi bo`ladi.

Kitobdagi “O`n to`rt daraxt siri” hikoyasida  S.Kushkarovning Ilohiy qudrat vositasida hovlisidagi 14 daraxt bilan birma-bir suhbatlashgani keltiriladi. Shunda bir daraxtning karomat va mo``jiza haqida: "Karomatning mo``jizadan farqi shundaki, valiy o`z karomatini maxfiy saqlaydi, yoxud o`zi undan bexabardir, nabiy esa mo``jizasini oshkor qilishi kerak va o`zi ham bundan voqifdir. Valiy ham, nabiy ham o`zlarining xoriqullod (xoriqulodda demoqchi bo`lsa kerak) amallari chog`ida Qur`oni karimga takya qiladilar" - degani bayon qilinadi. Daraxtning tilidan mazkur ikki atamani sharhlashga imkon topgan Shokir Ahrorov nima sababdan kitobning muqaddimasida "Ushbu qissadagi voqealarning barchasi haqqoniy, shayxning hayotida sodir bo`lgan mo``jizalardir" – demoqda.  Buni ham S.Kushkarovning avliyolikdan ham ko`ra buyukroq darajaga loyiq deyilmayaptimi?

Yana “Ajdodlar umidi” kitobida yozilishicha, Saparboyning Qur`onni yirtgan odamlardan yozg`irib, Allohga qarata “Sen xafa bo`lma Ollohim...”, deya  xitob qiladi.  Bu gaplaridan uning etarlicha diniy ilmga ega emasligi yaqqol ko`zga tashlanadi. Chunki Alloh taologa nisbatan bu tarzda xitob qilish eng kamida odobsizlik. Zero, Alloh insonlar tasallisiga  muhtoj emas.

Safarboy Kushkarovning “So`fiy nafasiyoti” kitobida nafas olish mashqlari o`rgatiladi. Rost, inson hayotida va sog`lig`i uchun to`g`ri nafas olishning ahamiyati katta. Kitobda namoz paytida amal qilish kerak bo`lgan mashqlar belgilab beriladi. Birinchidan shu paytgacha biror bir fiqhiy kitobda bu haqda bir so`z aytilmagan. Ikkinchida namoz – ibodat, jismoniy yoki nafas mashqlari majmu`asi emas.

  Nursafardiya tarafdorlari tomonidan bu tariqatning o`ziga xos talablari aks ettirilgan bir qator filmlar ham suratga olingan va disklar ko`rinishida tarqatilgan. Ularni o`rganish asnosida ham, mantiq doirasiga sig`maydigan holatlar ko`zga tashlanadi.

Masalan, "Nursafardiyya olamida zikriy raqslar va xoreografiya" diskida "Zikr raqsi", "Muhabbatga otashin intilish raqsi", "Zikrimda shakli daryo raqsi", "Qaydasan menligim raqsi", "Nursafardiyya ta`limotida zikr tizimi" kabi bo`limlar mavjud. Ularda taniqli san`atkorlarning xalq orasida mashhur bo`lgan qo`shiqlariga raqqosalar raqsga tushadilar va ular zikr sifatida  talqin qilinadi.

"Lo iloha illalloh", "Alloh, Alloh" deb boshlangan zikr raqqosaning O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Hosila Raximovaning "Enajon jilama" qo`shig`i ohangidagi  talvasasi bilan tamomlanadi. "Zikrimda shakli daryo raqsi" "lo iloha illalloh" qo`shig`iga, "Qaydasan menligim" raqsi esa, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Zulayho Boyxonovaning "Hay-hay" qo`shig`iga monand ijro etiladi. Biroq bu raqslarning tasavvufga qanday aloqasi bor?  Bundan tashqari raqqosalar muborak Qur`oni karim oyatlarini ro`moli va kiyimlariga yozib olganini qanday tushunish mumkin? Bular islom an`analari ustidan kulish emasmi?

 Odatda, she`riyat deganda avvalo  ma`no, vazn, qofiya kabi atamalar ko`z oldimizga keladi. Bunda, avvalo, o`sha misralarda yashiringan fikr, mazmun va ularning zohiriy va botiniy  ifodasi namoyon bo`lishi kerak.

Nursafardiyya she`riyatiga kelsak, bu borada S.Kushkarovning ixlosmandlaridan, shoir va adib  Komil Avazning unga xayrixohlik bilan bo`lsa-da, bildirgan tanqidiy ohazasi  etarli kerak.

 “...Masalan bir hikmatingizda (99-bet) degansiz:

Menkim Nursafardiy dedim:

Ki dunyo talashur, ko`rib oshyona,

G`arib, Haq yo`lin istab, men dolu devona.

Siz «kimdir dunyo talashur ko`rib oshiyon, men g`arib,

Haq yo`lida qaddim dolu, o`zim devona»,

yoki «dalli devona», demoqchisiz, shundaymi?. Magaram niyatingiz shu bulsa,

unda «Ki» emas, «Kimlar», deyilsa va «dolu devonalig»da mutanosiblik

 kamrokday, balki «dali devona» bulsa, xam yukli, xam deyilmish fikrda

mantiq biroz durust bulajak....”

Ko`rinib turibdiki So`fiy tabibning islom va tasavvufga doir bilimlari

bilan bir qatorda she`riyati ham joziba va mantiqqa ega emas.

Yana So`fi tabibning  “O`zlikni anglash xiyoboni” nomli kitobida musiqa bilan davolash haqida shunday deyiladi:

“Tangri Odamni loydan qilib, pishirib, ruhga: “Endi tanaga kir”, deb buyuribdi.

 Ruh bunday kelib qarasa, tananing ichi qop-qorong`i joy emish. U qo`rqib:

“Yo`q-yo`q, kirmayman”, deb taysallabdi. Tangri shunda Isrofilga: “Chal kuyingni”, deb aytibdi. Isrofil surda shunday kuy chalibdiki, ruh balqib, raqsga  tushib, tanani gir aylanib, qanday qilib Odamning botiniga singib ketganini bilmay qolibdi. Odam taniga ruhning raqsi uyg`onib, unga jon kiribdi. Rivoyat qilishlaricha, Odam raqsga tushib jonlangan emish. Isrofil chalgan kuy esa “Lazgi” ekan”.

Albatta, “Lazgi” o`zbek musiqasining nodir durdonalaridan. Ammo, uning kelib chiqishi Tangrining buyuk farishtalaridan biri - Isrofil (a.s)ga  borib taqalishi haqida diniy manbalarda hech qanday ma`lumot uchramaydi. Zotan, bu buyuk farishta o`z surini faqat qiyomat yaqinlashgan fursatlardagi  chalishi aytib o`tilgan.

Nursafardiy o`z tabobatiga tegishli ba`zi ma`lumotlarni aytish davomida “Qur`oni karimda aniq ma`lumotlar mavjuddir”, “Bu savolga Qur`oni karim aniq javob beradi”, deydi. Lekin, bu gaplar tasdig`i sifatida biror oyatdan iqtibos keltirilmaydi. Misol uchun yuqoridagi kitobning 87-betida “Alloh taolo insonga etti tana berib qo`ygani haqida Qur`oni karimda aniq ma`lumotlar mavjuddir”, deb o`sha tanalarni sanab o`tadi. Holbuki, Qur`oni karimda bunaqa oyatning o`zi yo`q.

Ushbu kitobda yana bir ma`lumot kishini taajjubga soladi. Unda aytilishicha, Sohibkiron Amir Temur ulamolarni yig`ib, Qur`onda qor haqida ma`lumot bormi, deb so`raydi. Ulamolar yo`q deyishadi. Shunda  bir so`fiy qariya Qur`oni karimdan “Qoziq ustida qor turmas”, degan naqlni o`qib beradi. Amir Temur bundan lol qolgan emish. Ana xolos, biz bo`lsa, “qoziq ustida qor turmas” iborasini bolalarga topishmoq sifatida aytib yurgan ekanmiz-da?

Kitobda Nursafardiyning bu hikoyatiga javoban, Komil Avaz ham  bir voqeani so`zlab beradi: Rassom Shavkat akaning tushiga Lola opa degan ustozi kirganidan so`ng ziyoratiga boradi. Shunda Lola opa shogirdiga o`zining boshidan o`tganlarini aytib beradi. Aytishicha, Lola opa Qur`oni karimni besh marta o`qib chiqibdi. Unda rasm chizish mumkin emasligi, qiyomatda buning savol-javobi og`ir bo`lishi haqida aytilgan ekan. O`g`lini chaqirib hamma chizganlarini yoqishni buyuribdi. O`g`li onasini rasmlarni qarindoshlar bilan maslahatlashib keyin yoqishga ko`ndiribdi.

Lola opa Qur`oni karimni oltinchi marta o`qiganida rasm chizishga ruxsat topibdi. Unda shunday deyilgan ekan: “Jannatda ikki eshik bor, bir eshik erga tegmagan, hur qizlar uchun, bir eshik uylanmagan yigitlar uchun. Uylanmagan yigitlar vafot qilgach, erga tegmagan qizlar eshigidan kirib, osig`liq turgan parivashlar suratiga qarab, o`zlari xohlaganini tanlashar ekan, aksincha, erga tegmagan qiz vafot etsa, uylanmagan yigitlar eshigidan kirib, u ham tanlar va o`sha tanlagan yigiti tirilib bu hurga qo`shilar ekan.

Lola opaning uyiga qarindoshlari yig`ilib kelib, rasmlarni yoqmaslikka ko`ndirmoqchi bo`lgan paytda Lola opa rasmlarni yoqish fikridan qaytganini, Qur`ondan bunga ruxsat topganini aytibdi. Keyin Qur`onni ochib qarasa opa o`qigan o`sha yozuvlar yo`q emish. Shunda qarindoshlari opaga Alloh taolo sizga suvratlaringizni va bir umrlik mehnatlaringizni yoqmaslik uchun sizga karomat orqali bildirdi, debdi.

Avvalo, Lola opa Qur`oni karimni besh marta o`qib rasm chizishdan qaytaradigan gaplarni o`qigani yolg`on. Chunki surat chizish  haqidagi gaplar hadisi shariflarda kelgan. Ikkinchidan, opa Qur`onni oltinchi marta o`qiganida ko`ziga ko`ringan “oyatlar”  ham hech qaerda uchramaydi. Qolaversa Lola opa bu ma`lumotlarni chindan o`z ko`zlari bilan o`qib, keyin topolmay qolgan bo`lsa, bu Alloh taolo tarafidan berilgan karomat emas, aksincha shayton va jinlarning vasvasasi bo`lishi mumkin. Chunki odamlar hayotida sodir bo`ladigan g`ayriodatiy voqealar doimo karomat bo`lavermaydi. Buning farqiga bormagan odam men avliyoman, karomatim zohir bo`layapti, kabi gaplar bilan o`zi ham adashadi, boshqalarni ham adashtiradi.

Albatta, bu kabi misollarni Nursafardiya adabiyotlaridan ko`plab keltirish mumkin. Ammo, bunday asarlarni chop etish va tarqatishdan avval mas`ul idoralar ko`rigidan o`tkazish, mutaxassis ulamolar maslahatini olish zarur va shartdir.

Qolaversa, har kim o`zicha tariqat yarataversa Bahouddin Naqshband, Xoja Ahrori Valiy va Ahmad Yassaviylarning hikmatlarini odamlar noto`g`ri tushuna boshlashadi. Bunday kitoblar, disklar mashg`ulotlar odamlarimizni diniy masalalarda noto`g`ri tushunchalarga ega bo`lishlariga zamin yaratadi, odamlarni adashishga, zalolatga boshlaydi. Shunday ekan, bu kabi masalalarga mamlakatimizdagi diniy ulamolar, O`zbekiston musulmonlar idorasi yoki nazorat qilish va taftish idoralari jiddiy yondashishlari kerak.

 

    Boshqa yangiliklar