Muxlislar san`atkorlarning ba`zi bir jihatlarini — qo`shig`i, klipi yoki xatti-harakatlarini tanqid qilishadi. O`z fikrini xonandalarga ochiq-oydin aytib, ularning shaxsan o`zidan javob olishni istaydiganlar ham bor. Lekin har doim ham buning iloji bo`lavermaydi...
“Darakchi” gazetasi muxlislarning aynan shu istagini amalga oshirishga bel bog`ladi. Endi yangi “Muxlis va Yulduz” loyihasi orqali o`zingiz yoqtirgan va yoqtirmagan xonandalar bilan uchrashib, ulardan intervyu olishingiz mumkin. Loyihamizning ilk mehmoni estradamizning yosh va taniqli xonandasi Jasur UMIROV.
Unga o`zining e`tirozlarga boy savollarini Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Buxgalteriya fakulteti, 4-bosqich talabasi Sherzod Usmonov beradi. Ko`raylik-chi, Jasur Umirov muxlisning savollariga qanday javob berar ekan?..
- Muxlisingiz bo`lsam-da, sizga nisbatan tanqidiy fikrlarim ancha-muncha. Nega nuqul baqirib qo`shiq aytasiz, uslubingizni o`zgartirish vaqti kelmadimi?
– To`g`ri, qo`shiqlarimning deyarli barchasini baqirib kuylayman. Albatta, boshqacha yo`nalishda ham aytib ko`rdim. Ammo muxlislarga manzur kelmadi. O`zimning uslubimda qo`shiq kuylasam, negadir kutilmagan darajada ommalashib ketadi. Shundan so`ng san`atkor o`z uslubidan chekinmay qo`shiq aytgani ma`qul ekan, degan xulosaga keldim. Shunda o`z o`rnini yo`qotmaydi.
– Demak o`z yo`nalishimga egaman, demoqchisiz?
– Ha.
- Yaqinda Vatan haqidagi qo`shig`ingizga olingan klipni ko`rdim. Unda Vatanga bo`lgan mehrni ko`rsatadigan lavhalar yo`q...
– To`g`ri, bu klipda xatolar ko`p. Menimcha operator, montaj ustalari va rejissyorlar mendagi his-tuyg`ularni klipda chiqarib bera olishmadi. Bo`lmasa, vatanga bo`lgan muhabbatimni , aktyorlik mahoratimni ishga solgan holda kuyib-yonib ko`rsatganman. Ular bilan birinchi marotaba ishlaganimiz uchun meni yaxshi tushunishmadi, nazarimda.
– “Million” jamoasi sizni parodiya qilganini ko`rdik. Ochiq-oydin ustingizdan kulishgan. Nahot indamadingiz?
– Qiziqchilik ularning kasbi. Qolaversa, hamma zamonlarda ham qiziqchilar mashhurlarni parodiya qilishgan.
– Bu narsa sizga bachkana tuyulmaydimi?
– Agar shaxsiyatga tegadigan gaplarni aytishsa, albatta jahlim chiaqdi... Lekin engil hazillarga xafa bo`lib o`tirmayman, birgalashib kulib ketaveraman.
– Odamlar siz haqingizda nimalar deyishiga sira qiziqqanmisiz?
– Albatta. Ularga qanday qo`shiq yoqyapti, qaysi biri yoqmayapti deb qiziqib, bilib turaman Yon-atrofimdagilar hamma gapni etkazib turishadi.
– Aytayotgan qo`shiqlarim hammaga yoqyapti deb o`ylaysizmi?
– Ba`zan o`zimga ma`qul kelmagan qo`shiqlarim xit bo`lib ketadi. Masalan “Odamlarning to`ylarida” nomli qo`shig`imni o`zim uchun aytgan bo`lsamda, o`zimga u qadar yoqmadi. Unga klip olmoqchi bo`lishganida ham rozi bo`lmaganman. Lekin qo`shiq chiqqach, bir hafta o`tar-o`tmas xitga aylandi.
– Milliy ruhda, baqir-chaqir qilmasdan qo`shiq kuylay olasizmi?
— “Atirgul” nomli mahzun qo`shiq aytdim-ku! (qizishib). Lekin odamlar uni qabul qila olishmadi. Bu Jasur Umirovga yarashmagan qo`shiq bo`libdi deyishdi. To`g`ri, balki o`z muxlislarini topgandir. Ammo xit bo`lmadi. O`ylashimcha, qo`shimlarimda faqat baqirishim kerak (kuladi).
– Samarqandliksiz, agar to`yga chaqirib, “Samarqand ushshog`i”ni aytib berishingizni so`rashsa, kuylay olasizmi?
– Yo`q, bu qo`shiq juda murakkab. Ochig`ini aytaman, kuylay olmayman. Chunki bunday ashulalarni maromiga etkazib aytolmasangiz, yaxshisi qo`l urmaganingiz ma`qul.
– Qachon jonli ijroda konsert bermoqchisiz?
– Qachonki o`zimdagi hayajonni enga olsam. Chunki har safar «Istiqlol» san`at saroyi sahnasiga qadam bossam, hayajonlanganimdan oyoqlarim qaltirab, tilim qurib qoladi. Bunday vaziyatda esa jonli ijroda kuylash qiyin. Biroq niyat bor, kelasi yil beriladigan konsertimda yuz foiz bo`lmasada, o`nga yaqin qo`shig`imni jonli ijroda kuylamoqchiman. Chunki o`zim ham tomoshabin sifatida, jonli ijroda kuylaydigan san`atkorlarning konsertiga kirishni istayman.
– Aytishlaricha, bir ustoz san`atkor, “Agar shu bola qo`shiqchi bo`lsa, men san`atdan chiqib ketaman” degan ekan. Sizga nisbatan bunday fikr bildirilishiga nima sabab bo`lgan va u san`atkor kim?
– To`g`ri, bu bo`lgan gap (xo`rsinib). Ustoz san`atkor to`g`ri qilgan ekanlar. Agar shunday demaganida bu kunlarga etib kelmasmidim. Balki ayni shu gap uchun qo`shiq aytishga qattiq bel bog`lagandirman. Bunday deyishlariga esa mas`uliyatsizligim sabab bo`lgan. Chunki ko`p dars qoldirardim, dangasa edim... U san`atkor kimligini esa ayta olmayman, bu mening tarbiyamga to`g`ri kelmaydi!
– Oldindan belgilab qo`yilgan bugungi suhbatga bir yarim soat kechikib kelganingizga qaraganda hali ham mas`uliyatsizligingiz qolmapti-da?
– Ishlar biroz bilan ushlanib qoldik... Uzr.
– Hozir ko`pgina san`atkorlar viloyatlardagi to`y xizmatlariga qimmatroq haq evaziga borishyapti... Sizning “stavka”ngiz qancha?
–To`g`risi, men bu masalalarga aralashmayman. Prodyusser va ma`murlarimiz bor, ular hal qilishadi. Shu savolni berganingiz uchun aytmayapman, ba`zan shunday vaziyatlar bo`lganki, sharoiti ko`tarmagan muxlislarimiz iltimos qilishganda to`yiga tekinga xizmat qilganmiz. Musiqachilarga ham haqini o`z cho`ntakimdan to`lab berganman.
– Ko`pgina yosh san`atkorlar mashhur bo`lib, puli ko`paygach o`zgarib qoladi. Sizda ham shu holat bo`lganmi?
– Albatta, bu menda ham kuzatilgan. O`ylashimcha, bu pul ko`paygani bilan bog`liq emas. Aksincha atrofidagi odamlar va turmush tarzi o`zgarganidan deb bilaman. San`atkor atrofiga yaxshi jamoa yig`ilishida ham gap ko`p. Shunda ijoddan chalg`imaydi, ortiqcha gap-so`zlar ham ko`paymaydi.
Yakuniy fikr:
Sherzod USMONOV (talaba): – Jasur Umirovda kibr va manmanlik yo`qligi menga ma`qul bo`ldi. Bundan tashqari og`ir-vazminligiga ham qoyil qoldim, boshqa bir san`atkor bo`lganida, bu savollarimdan qizishib, urishib berishi turgan gap edi.
Jasur UMIROV: – Bu loyiha menga juda ma`qul bo`ldi. Ochiq-oydin, dangal savollar. Ba`zi jurnalistlar emas, muxlislarning savollariga ham javob berib turish kerak ekan. Qiziq, loyihaning keyingi mehmoni kim bo`larkan, hamkasblarim muxlislarining keskin savollariga qanday javob berishlarini bilish men uchun qiziq. Endi bu loyihani kuzatib boraman.
Loyiha muallifi Hidoyat SADRIDDINOV yozib oldi.
Fotomuxbir Temur





