AsosiyJamiyat

O`zbekiston qonunchilik palatasiga o`tkazilgan takroriy ovoz berish natijalari e`lon qilindi

2015 yilning 5 yanvar kuni 2014 yilgi saylovlarni yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazida mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov yakunlariga bag`ishlangan brifing bo`lib o`tdi. Bu haqda uz24.uz xabar beradi.

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulug`bek Abdusalomov boshqargan brifingda qayd etilganidek, saylov amaldagi saylov to`g`risidagi qonun hujjatlariga, unda mustahkamlab qo`yilgan ochiqlik, oshkoralik va muqobillik hamda demokratik tamoyillarga to`la muvofiq holda o`tkazildi. 

Saylov qonunchiligiga asosan takroriy ovoz berish 22 ta saylov okrugining har birida asosiy saylov natijalariga ko`ra saylovchilarning eng ko`p ovozini olgan ikki nafar deputatlikka nomzod bo`yicha o`tkazildi. Takroriy ovoz berishda saylovchilar ro`yxatiga familiyalari kiritilgan 3 million 434 ming 345 nafar saylovchidan 2 million 642 ming 63 nafar saylovchi ishtirok etdi va bu ro`yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 76,9 foizini tashkil qiladi.

Takroriy ovoz berish milliy saylov qonunchiligining barcha qoidalariga muvofiq umume`tirof etilgan xalqaro standartlar asosida ochiq va oshkora o`tkazildi. Tegishli okruglarda deputatlikka nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borish va bu maqsadda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin edi. Takroriy ovoz berishda siyosiy partiyalarning 5700dan ortiq kuzatuvchilari va vakolatli vakillari ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi brifing qatnashchilariga ma`lum qilganidek, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi natijalariga ko`ra, parlament quyi palatasiga 150 nafar deputat, shu jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal demokratik partiyasidan 52 nafar; O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 36 nafar, O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 27 nafar, O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan 20 nafar deputat saylandi. 15 nafar deputat O`zbekiston ekologik harakatining vakillaridir. Saylangan deputatlarning 24 nafari yoki 16 foizi xotin-qizlardir.

Saylangan 150 nafar deputatdan 40 nafari yoki 27 foizi ilgari Qonunchilik palatasi deputati bo`lgan.

Saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta`minlashga ko`p jihatdan ommaviy axborot vositalari, mahalliy va xorijiy kuzatuvchilarning faoliyati katta omil bo`lib xizmat qildi. Saylov jarayonini 550 dan ortiq milliy va 120 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, 180 dan ortiq internet-nashrlar yoritib bordi. Saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bilan bog`liq 9 mingdan ortiq materiallar e`lon qilindi.

Saylovni kuzatishda 5 ta xalqaro tashkilot – Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assosiasiyasi va Islom hamkorligi tashkilotidan hamda 52 ta davlatdan 340 dan ortiq kuzatuvchilar, shuningdek, siyosiy partiyalarning 70 mingdan ziyod kuzatuvchilari va vakolatli vakillari ishtirok etdi.

Saylovlarning demokratik prinsiplar asosida o`tkazilishi ushbu jarayonda qonun hujjatlariga amal qilinishi barcha bo`g`indagi saylov komissiyalarining uyushqoqlik bilan, anik bajargan, mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik tamoyillariga asoslangan faoliyati orqali ta`minlandi. Bu haqda 2014 yilgi saylovlarni yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi xabar beradi.

Eslatib o`tamiz, 2014 yil 21 dekabrdagi ovoz berish natijalariga ko`ra, 113 ta saylov okrugida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylandi. Shu bilan birga 21 dekabr kuni O`zbekiston ekologik harakatining Konferensiyasida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 15 nafar deputati saylandi.

Siyosiy partiyalarning keskin raqobati natijasida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov bo`yicha 22 ta saylov okrugida nomzodlarning birortasi ham saylanish uchun zarur ovozlarni to`play olmadi. Shu munosabat bilan 2015 yil 4 yanvar kuni ushbu okruglarda takroriy ovoz berish o`tkazildi.

    Boshqa yangiliklar