O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o`tkazuvchi 22 ta saylov okrugida takroriy ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Bu haqda 2014 yilgi saylovlarni yoritish bo`yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.
Ma`lumki, 2014 yilning 21 dekabrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov bo`lib o`tdi. Okrug saylov komissiyalarining tegishli saylov okrugi bo`yicha saylov natijalari to`g`risidagi bayonnomalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ko`rib chiqildi va 135 ta saylov okrugidan 22 tasida deputatlikka nomzodlarning birortasi ham saylanish uchun zarur miqdorda ovoz to`play olmagani aniqlandi.
“O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 45-moddasiga ko`ra, agar saylov okrugi bo`yicha deputatlikka ikki nafardan ortiq nomzod qo`yilgan bo`lsa-yu, ulardan birortasi ham saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko`p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo`yicha okrugda takroriy ovoz berishni o`tkaziladi.
Takroriy ovoz berish ham asosiy saylovda bo`lgani kabi ochiq va oshkora tarzda, milliy saylov qonunchiligining barcha me`yorlariga rioya qilingan holda o`tkazilmoqda.
Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga ko`ra nisbatan ko`proq olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanadi.
Eslatib o`tamiz, bugun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga deputatlar saylovini o`tkazuvchi 480 ta saylov okrugida ham takroriy ovoz berish davom etmoqda.





