AsosiyShou-biznes

“E`tirof-2014” g`oliblari MY5da: Munisa Rizaeva kelgusi yili aktrisa sifatida ishtirok etishi mumkin

26 dekabr kuni bo`lib o`tgan “E`tirof-2014” milliy mukofoti g`oliblari “Mening yurtim” telekanaliga o`z hayajonlarini teletomoshabinlar bilan bo`lishish maqsadida tashrif buyurishdi.

Telekanal ijodkorlari vaqtni boy bermasdan “Yilning eng yaxshi akteri” Mirza Azizov, “Yilning eng yaxshi estrada ayol xonandasi” Munisa Rizaeva hamda “Yilning eng yaxshi aktrisasi” Asal Shodievalardan taqdirlash marosimi to`g`risida eksklyuziv intervyu olishdi.

Ular mukofot, uni qabul qilish olish jarayonidagi his-hayajonlari hamda yangi yildagi ijodiy rejalari haqida o`rtoqlashishdi.

Eng yaxshi aktrisa Asal Shodieva mukofotni qabul qilar ekan hayajonini, quvonchini qanday ko`rsatishni bilmay qolgan bo`lsa, eng yaxshi ayol xonanda Munisa Rizaeva esa xursandchiligini yashirib o`tirmadi. Eng yaxshi akter Mirza Azizov esa mukofot uchun egilib ta`zim qildi.

Munisa Rizaeva suhbat davomida mukofot uning uchun kutilmagan sovg`a bo`lganligini ta`kidlash bilan ayni paytda rejisserlardan kinoda rol ijro etish uchun takliflar tushayotganligini, kelgusi yili balki aktrisa sifatida o`z nomzodini qo`yishi mumkinligini aytib o`tdi.

Shuningdek, ijodkorlar xalqimizni, xususan “Darakchi” gazetasi hamda darakchi.uz o`quvchilarini kirib kelayotgan 2015 yil bilan samimiy qutlashdi. Eng ezgu tilaklarini bildirishdi.

Eslatib o`tamiz, “E`tirof-2014” milliy mukofoti g`oliblarini taqdirlash marosimi Yoshlar madaniyat va san`at markazi tomonidan tashkil etildi.
 

    Boshqa yangiliklar