Olam shu qadar mukammal yaratilganki, undan na bir narsani olib bo`ladi, na biror narsa qo`shib... Islom ta`limoti xususida ham gap shu!.. Shu ma`noda muqaddas Qur`oni karim, so`nggi payg`ambar Muhammad alayhissalomning muborak hadislarini o`z g`oyaviy manfaati yo`lida noto`g`ri talqin qilgan holda o`z-o`zicha fatvo chiqarish, yangi talab va qoidalarni yaratish insonni zalolatga boshlaydi. Bunga turli buzg`unchi kuchlarning Islomni niqob qilgan holda amalga oshirayotgan qonli faoliyati yaqqol misoldir.
Har qanday mutaassiblik bilimsizlikdan kelib chiqadi. Bilimsizlik esa dinda haddan oshgan g`uluvchilarning asosiy kamchiligi ekani kundan kunga oydinlashib borayotir... Bunday fikrlarni qo`shni Qozog`istonda istiqomat qilib, o`zini “naqshbandiya piri” deb ko`rsatayotgan Qurbonali Bakbullaevich Ahmedov olib borayotgan diniy-tasavvufiy faoliyatiga nisbatan ham aytish mumkin.
Tasavvuf nima? Naqshbandiylik-chi?
Tasavvuf – islom dini bag`rida paydo bo`lib, Allohga etish darajasida komillikka da`vat etgan, insoniyat ma`naviy taraqqiyotida ijobiy ahamiyatga ega bo`lgan ta`limot. Islom tarixida tasavvufning bir necha tariqatlari shakllandi, yoyildi, o`z atrofida tarafdorlar paydo qildi. Shu jumladan, “Naqshbandiya” – tasavvuf tariqatlarining eng so`nggisi. U xojagon tariqati sifatida XII asrda Xoja Abdulxoliq G`ijduvoniy (1103 – 1179 yillar) tomonidan shakllantirildi. XIV asrda esa Xoja Bahouddin Naqshband (1318 – 1379 yillar) tarafidan takomilga etkazildi va xojagon-naqshbandiya tariqati, deb yuritildi.
XV asrdan boshlab Abdurahmon Jomiy tashabbusi bilan “Naqshbandiya”, deya nomlandi. Bugungi kunda dunyoning ko`plab mamlakatlarida bu tariqati davomchilari bor. Muhaqqiq ulamolar Naqishbandiya tariqati “o`rtacha va mo``tadil, shariatga ergashish, tariqatning osonligi bilan ajralib turadi, u din ulamolari ichidan keng tarqalgan”ligini alohida ta`kidlaydilar. Shuningdek, bu tasavvuf ta`limotining shiori - “Dil – ba yor-u, dast – ba kor” (“Ko`ngling Allohda, qo`ling ishda bo`lsin!)ma`naviyatimizni shakllantirishda katta axamiyatga ega ekani Prezidentimiz Islom Karimovning ko`plab chiqishlari, xususan, “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” asarida alohida qayd etiladi.
Mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz, ular qoldirgan bebaho ma`naviy meroslarga yuksak ehtirom bilan yondoshiladi. Istiqlolga erishganimizdan so`ng, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Abdulxoliq G`ijduvoniy, Xoja Ahror Valiy singari buyuk siymolarning tavallud ayyomlari keng miqyosda nishonlandi. Naqshbandiya g`oyalari targ`ib va tashviq etilgan ko`plab asarlar chop etildi, mamlakatimizda o`ziga xos naqshbandshunoslik yuzaga keldi, ko`p ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar yaratildi. Tariqat pirlari maqbaralari obod qilinib, ziyoratgohlarga aylantirildi.
Guruch ichidagi kurmaklar
Ammo shuni unutmaslik kerakki, tasavvuf, jumladan, Naqshbandiya tarixida hamma makon va zamonlarda Alloh yo`lida yurgan ulug` zotlar bilan birga ushbu tariqati pinjiga tiqilib olib, o`z yovuz maqsadlarini amalga oshirishga intilgan soxta, manfaatparast, ta`magir toifalar ham bo`lgan.
Afsuski bundaylar hozir ham topiladi. Bunday soxta tariqatchilar jamiyatga yot g`oyalar tarqatib, amalda ham naqshbandiyaning sha`niga dog` tushirishadi, ham sof, toza e`tiqodli fuqarolarimizni chalg`itishga, shu tariqa ularni to`g`ri yo`ldan adashtirishga harakat qilishadi. Sezayotgan bo`lsangiz kerak, gap Qurbonali Ahmedov faoliyatiga borib taqalmoqda.
U o`zini mamlakatimizda naqshbandiya-mujaddidiya-husayniya tariqatining rahbari, deb tanitgan marhum Ibrohim eshon (Ibrohim Mamatqulov, 1937 – 2009 yillar)ning “xalifasi” (o`rinbosari), deb e`lon qilgan. Muridlari tomonidan uning “Ruhoniyat olamining sultoni”, “Olamlarning sohibi” ekani, darajasi Rim papasinikidek bo`lib, hokimiyati dunyoviy homiyatlardan ustunligi da`vo qilinmoqda.
Qurbonali Ahmadning “Ruxnama” nomli kitobida, shuningdek, 2014 yilning 21 avgust kuni Janubiy Qozog`iston viloyati Chayan qishlog`ida Qurbonali Ahmadning bobosi Oppoq eshon tavalludining 150 yilligiga bag`ishlab “Oppoq eshon – ruhoniyat olamining darvozasi” nomi ostida o`tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiya ishtirokchilariga tarqatilgan materiallarda quyidagicha kurakda turmas da`volar uchraydi.
Ular hatto: Er yuzida 200 dan ortiq davlatlarning podshohliklari bilan bir qatorda dunyo dinlarining, ularning tarmoqlarining ruhoniyat podshohliklari ham saltanat qurayapti. Dunyo podshohliklari ham ruhoniyat podshohliklari ham Odam atodan ulashib kelayotgan dasturli podshohliklar bo`lib hisoblanadi. Masalan, katolik xristianlarining ruhoniyat podshohligi Vatikan bo`lsa, musulmonlarning ruhoniyat podshohligi naqshbandiya. Rim-katolik cherkovining markazi bo`lib hisoblangan Vatikan – ruhoniyat podshohi avvallari ham hozir ham «Rim papa»si deb nomlanadi. Xo`sh, musulmonlarning ruhoniyat podshohligining podshohi avvallari halifa, deb atalsa, hozir pir, eshon, deb nomlanadi.
Rim papasining darajasi – o`zining nafsini ko`rib qolib: «Anal haqq!» deb aytgan Mansur Halloj, Muhyiddin ibn Arabiy pirlarimizning o`lchamida turibdi. Naqshbandiya tariqati esa, pirining darajasini ozgina burishga (ko`tarishga) ham aslo qo`l urmaydi. Bir og`iz so`z bilan aytsak, u (Qurbonali Ahmad) – Payg`ambarimiz sollalohu alayhi vasallamning merosxo`ri vakolatiga egalik qilayotgan komil pirdir, «Olamning qutbi», «Olamlarning sohibi».
Dunyoda pirlar ko`p, lekin olamlarning qutbi, olamlarning egasi – bittagina, faqat yolg`iz!
...Afsuslanarlisi, olam tan olgan komil pirimiz xalqimizda rasmiy tarzda tan olinmayapti. Qutbi olam – olamlarning qutbi, olamlarning egasi komil pir, hozirgi vaqtda pirlarning vatani, pirlar bayrog`ini ko`targan buyuk Taraz shahrida istiqomat qiladi” (Matnlar qozoq tilidan o`zbek tiliga o`girib keltirildi)
E`tiqodmi yoki shirk?
Ushbu iqtibosni o`qigan oqil insonlar beixtiyor istig`for aytib yuborishi tabiiy. Axir, “Ruhoniyat olmining sultoni”, “Olamlarning sohibi” degan nisbatlar borib turgan shirk emasmi?! Nahot, Yaratganga shirk keltirish kechirilish ehtimoli past bo`lgan gunoh ekanligini mo``minlikka da`vosi katta bo`lgan bu muridvachchalar bilmaydi?!
Hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Ulug`lik, ulug`vorlik, faxr menikidir. Taqdir mening sirimdir. Kim men bilan shularning birida tortishsa, uni do`zaxga uloqtiraman” (Hakim Termiziy rivoyati). Shuningdek, Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh (s.a.v.) bir kishining “Ey, shohonshoh”, deganini eshitib: “Podsholarning podshosi Allohdir!” deganlari ta`kidlangan (Ibn Najjor rivoyati). Qarang-a, Allohning eng suyuk, eng mahbub Elchisi o`ziga nisbatan “shohonshoh” atamasini eshitishlari hamono darhol ummatini to`g`ri yo`lga solib qo`ymoqda. Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga “merosxo`rlik” da`vosida bo`lgan bu “taqsir” o`z muridlari tomonidan shirk aralash ko`kka ko`tarishiga, juda yumshoq aytganda, tomoshabinlikdan nariga o`tmaydi, go`yo...
“Ustoz” ko`rgan “muridlar”
Eng yomoni, mamlakatimizda ana shu Qurbonali Ahmedovni naqshbandiya tariqatining “piri murshidi” sifatida ko`rib, unga ko`r-ko`rona ergashayotgan, tez-tez uning ziyoratiga – suhbatiga borib-kelib turadigan kishilar toifasi ham shakllandi. Bundan ham yomoni – bizda o`zini Qurbonali Ahmedovning Toshkentdagi “xalifasi” (o`rinbosari) deb atayotganlar ham paydo bo`ldi. Vaholanki, Qurbonali Ahmedovning “tariqati” nechog`li ekani yuqoridagi qisqa bayonlardan ham ma`lum.
Kamiga “bu zoti sharif”ning “Ruhnama” kitobidan iqtibos keltirish mumkin: “Men ko`p yil arab mamlakatlarida bo`ldim biroq “Yo Alloh”, “Yo pirim”, “Yo avliyo” degan qozoqning dinidan yaxshirog`ini ko`rmadim”. Payg`ambarimiz Muhammad alayhissalom butun insoniyatga rahmat elchi qilib yuborilganlar. Bundan tashqari Alloh taoloning Kalomi sharifida barcha mo`minlarning tengligi aytilgan bo`lsa, dinni “qozoqlashtirish”, har bir g`oya va aqidani bayon qilishda shu millatni ta`kidlash sog`lomga aqlga to`g`ri keladimi?!
Shuni ham aytish kerakki, Qurbonali Ahmedov ilgari surayotgan g`oya va talqinlarda tasavvufni shariatga qarama-qarshi qilib qo`yadigan ko`plab nuqtalar borki, masalaning eng tashvishli jihati ham shunda..
Haqiqatdan uzoq da`volar
Shariatda farz bor, sunnat bor. Farz – Alloh tarafidan bandalarga shart qilib qo`yilgan qoidalar. Sunnat – Muhammad alayhissaalom hayotlari davomida qilib o`tgan amallari yoki targ`ib qilgan odatlar majmuidir. u musulmonlarning kundalik hayotida dasturulamal bo`lib xizmat qiladi va ularning amallarini yanada go`zallashtiradi. Ammo na farzda, na sunnatda: “Komil musulmon bo`lish uchun, albatta, bir pirga qo`l berib, unga murid tushish kerak”, – degan talab yo`q. Qurbonali Ahmedov o`z chiqishlarida shuni asosiy shart qilib qo`yyapti:
“Insonning ruhoniyatni tanimasligi – uning qalb ko`zi ochilmaganidir.
...«Nima qilsa ruhiy ko`zni ochish mumkin?» degan masalaga kelsak, u – yo`l ko`rsatuvchi orqali amalga oshishini ta`kidlab aytamiz.
«Yo`l ko`rsatuvchi kim?» - deydigan bo`lsak, albatta, u pir! Ya`ni, bandaning ruhiy ko`zi, qalb ko`zi pirga qo`l berib, pirning etagidan ushlagandagina ochiladi. «Pirsizning piri - shaytondir» deyilgan maqol xuddi shu mavzuga ta`luqli qilib aytilgan”.
Tasavvuf tarixidan bilamizki, avval – shariat, keyin – tariqat. Tariqat aslo shariatsiz amalga oshmaydi. Shunday ekan, tasavvuf shariatning biror-bir talabiga zid kelishga haqli emas. Hatto, hazrat Xoja Bahouddin Naqshbandning o`zlari: “Sunnat mutobaati rioyati ulug` ishdurki, har kishi bu tariqimizdan yuz uyursa (o`girsa), anga din xataridur” (“Naqshbandiya” jurnali, 2014 yil), deganlar.
Har qanday sohada bo`gani kabi din ilmida ham ustoz bo`lgani yaxshi, albatta. Ammo mashhur ulamolarimiz “...o`sha ustoz etuk bo`lmasa, ilmi odam o`zi kitoblardan foydalanib ish yurtgani ma`qul”, deydi. Zero, ilmsiz, g`uluvga ketgan ”pir”ga qo`l berish yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Illo na Qur`onda, na hadislarda: “Pirga qo`l bermay turib musulmon bo`lish mumkin emas”, – deyilgan joy yo`q.
Qurbonali Ahmedovning tarafdorlari tomonidan tarqatilgan ma`lumotlardan yana iqtibos keltiramiz: “Nimaga hozir arvohga, jonga, Ruhga, Ruhoniyatga, Nurga, Pirga imon keltirgan ota-bobolarimizning ishonchini tark qilayapmiz?”.
Bunday fikrlarni aqida sifatida ko`tarib yurish ayni shakkoklik va dinda chiqishning o`zidir. Chunki imon nima ekanini, islom nima ekanini Qur`oni karim va Muhammad alayhissalomning hadisi shariflaridan bilib olinadi. Kimlarningdir bu boradagi qarashlari va tasavvurlaridan emas. Shuning uchun ham Payg`ambar alayhissalom ko`plab hadislarida ummatlarini ogohlantirib: “Kim bu ishimizda (ya`ni islom dinida) undan bo`lmagan biror yangilik paydo qilsa, u marduddir” deganlar. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan)
Tasavvuf hamma uchunmi?
Islom dinida Alloh taologa, uning nozil qilgan kitoblariga, farishtalarga, payg`ambarlarga, oxirat kuniga, qazoyi-qadardagi yaxshi yoki yomon ishning Allohdan ekaniga va o`limdan keyin qayta tirilishga iymon keltiriladi. Hech bir diniy manba`da arvohga, jonga, Ruhga, Ruhoniyatga, Nurga, Pirga iymon keltirish degan aqida yoki qarash yo`q, bo`lishi ham mumkin emas. Chunki bunday qarashlar asl islomiy e`tiqod tamoyillariga mutlaqo zid bo`lgan bid`at-xurofotdir.
Qurbonali Ahmedov bu bilan kifoyalanib qolmay, o`z ma`ruzalarida etuk islom ulamolarini ochiqdan-ochiq Qur`on mohiyatini tushunmaganlikda, hech bo`lmaganda, yuzaki anglaganlikda ayblaydi. Bu borada u VIII asrda vujudga kelgan va Qur`on oyatlari va hadislarni zohiriy va lug`aviy talqin qilishga qarshi chiqqan botiniya oqimi iddaolariga o`xshash qarashlarni ilgari suradi.
qozog`istonlik “tariqatchi”ning: “...Inson oyat, hadis va shariatni suv qilib ichib yuborsa ham, unda muhabbat bo`lmasa, musulmon bo`lolmaydi”, – degan nuqtai nazari – tamoman xato. Agar bu erdagi “musulmon” so`zi o`rniga “so`fiy” so`zini qo`yib tushunishga harakat qilinsa, mantiq chiqishi mumkindir. Lekin shariat – avom, ya`ni omma, yana ham aniqroq qilib aytsak, hamma uchun. Tasavvuf esa – xos, ya`ni alohida (kam sonli) kishilar uchun.
Qolaversa, ayni tasavvuf olamining yirik namoyondalari ayni shariatni inkor qiluvchi, uni oyoq osti qiluvchi “pir”lardan ogohlantirganlar. Buyuk tasavvuf olimlaridan biri, “hujjat-ul Islom” Abu Homid G`azzoliy (r.a.) bundan bir necha asr avval: “Alloh taoloning yo`lidagi soliklar juda ozdir, ammo uni da`vo qiluvchilar juda ko`p” degan bo`lsa, Abu Yazid Bistomiy (r.a.): “Agar karomatlar berilib, hattoki osmonga ko`tarilayotgan kishini ko`rsangiz, to uning shariat buyruqlari va qaytariqlariga qay darajada rioya etayotganini ko`rmaguningizcha u bilan aldanib qolmang”, degan.
Buyuk bobokalonimiz hazrat Alisher Navoiy (q.s.) “Nasoimul muhabbat” kitobi muqaddimasida solik shariatga birinchilardan bo`lib amal qilishi va undan bir qadam ham chetga chiqmasligi lozimligini eslatib o`tib: “Bu toifaning shari`at rioyati va sunnat mutoba`atidin ulug`roq ishlari yo`qtur” degan.
Naqshbandiya, hatto, o`zida so`fiylik iste`dodi, boringki, karomati borligini ommaga oshkor qilishni ham qattiq qoralagan.
Aynan xos kishilargagina tegishli tartib-qoida, talab ommaga yoyilib ketib, jamiyatda ortiqcha muammo keltirib chiqarmasligi uchun! Zero, Islom – mo``tadil din. Alloh Islom shariatida insonga toqatidan ortiq narsani joriy qilmagan. Hatto farz ibodatlarida ham bandaning uzrli holatlari inobatga olinadi. Masalan, safarda yurgan odam farz namozlarini “qasr” qilib o`qiydi, bemor ramazon ro`zasini shifo topganda tutib beradi, bordiyu xastaligi og`irroq bo`lsa, tutolmagan har bir kun ro`zasi uchun bir miskinning bir kunlik taomi miqdorida fidya beradi. Bu bilan xasta banda zimmasidagi farz amalidan soqit bo`lsa, ikkinchi tomondan, bir miskinning hojati ravo bo`lishiga sabab bo`ladi. Va hokazo... Imom Buxoriy rivoyat qilgan sahih hadislarda Payg`ambarimiz Muhammad alayhissalom sahobalarning: “Yo, Rasullulloh, sizning avvalgiyu oxirgi gunohlaringiz mag`rifrat qilingan, biz sizday emasmiz”, degan gaplaridan g`azablanib: “Sizlarning eng taqvodoringiz, Allohni eng yaxshi biluvchingiz menman!” der edilar. Ya`ni, sahobai kiromlar Rasulullohga “biz sizday gunohlardan holi emasmiz”, deya ko`proq ibodat qilib, ajru savob olishni xohlashgan paytda Rasuli akram g`azabi kelib (Payg`ambarimizday xushxulq, ma`sum banda yo`q aslida!): menday taqvodor, Allohni menchalik taniy olmaysiz-u nega men qilmagan iboatlarni qilmoqchi bo`lasiz? demoqdalar. Ya`ni, farz va sunnat ibodatlari sizlarga etarli, illo ortiqcha ibodatlarga berilish odamning g`uluvga ketishiga, oila va jamiyat oldidagi vazifalarini bajarishiga to`sqinlik qilib qolishi mumkin.
Pirga qo`l berish joizmi?
«Qurbonali taqsir» targ`ibotida yana bir xato fikr bor. Uningcha: “Pirga bilib-bilmay qo`l bergan insonni Alloh onadan tug`ilgandek begunoh qilib qo`yadi”.
Tariqatda “tasavvufiy tavba” degan tushuncha bor. Bu, haqiqatan ham, muridning avvalgi hayot tarzidan voz kechib (ya`ni tavba qilib), pirga qo`l berishi, so`fiyona hayot tarzini qabul qilganini bildiradi. Ammo bir narsani aslo esdan chiqarib bo`lmaydi: islomdagi oddiy tavba tushunchasi bilan tasavvufiy tavba tushunchasi o`rtasida katta farq bor. Bu farq shundan iboratki, banda – ojiz zot. U bilib-bilmay har qadamda xato qilishi mumkin. Shuning uchun u xatosini anglagan zahoti tavba qilishi zarur. Agar bir xatosini anglab, tavba qilsa, ya`ni bu xatoni ikkinchi bor takrorlamaslikka Xudo guvohligida o`ziga o`zi so`z berib, so`ng, haqiqatan ham, shu ishni aslo qilmasa, bu oddiy ma`nodagi tavba hisoblanadi. Lekin tasavvuf tarixidagi biror-bir manbada, murid pirga qo`l berishi bilan Alloh tarafidan barcha gunohlari kechiriladi, degan kafolat yo`q va bo`lishi ham mumkin emas. Chunki islomiy aqidaga ko`ra, Alloh kimning qaysi gunohlarini kechirgan yoki kechirmagani qiyomat kunidagina ma`lum bo`ladi.
Qurbonali “hazrat” pirga qo`l berishni shu qadar ulug`laydiki, uningcha: “Pirga qo`l bermagan odam o`z nafsining xizmatchisi bo`lib qoladi”.
Lekin ko`plab faqihlar o`zlarining fatvo kitoblarida shayxlarga qilingan bay`at shar`iy ahamiyatga ega emasligini ta`kidlaydilar. Misol uchun hanafiy mazhabining ko`zga ko`ringan faqihlaridan biri Muhammadamin ibn Obidin o`zining “Tanqiyh al-fatavo al-Homidiya” asarida: “Pirlarga qilingan bay`at lozimiy bo`lmaydi. Chunki bu shariatda asli yo`q amaldir” degan.
Qolaversa, biz demokratik huquqiy davlatda yashaymiz. Pirga qo`l berish-bermaslik u yoqda tursin, hatto, biror-bir dinga e`tiqod qilish yoki hech bir dinga e`tiqod qilmaslik ham fuqaroning xos huquqi hisoblanadi. Shu ma`noda aytadigan bo`lsak, jamiyatimizga bunday yot g`oyalarning kirib kelishi aholi o`rtasida turli ixtilof va tushunmovchiliklarni keltirib chiqarish ehtimolini yuzaga keltiradi. Masalaning og`riqli jihati ham shunda.





