Janubiy Koreyalik olim o`zbek va koreya xalqlarining “Alpomish” va “Jumong” milliy qahramonlik dostonlarining qiyosiy tahlili yuzasidan doktorlik ishini yoqladi. Doktorlik ishini himoya qilish o`zbek tilida bo`lib o`tdi, deb yozmoqda 12news.uz. Bundan tashqari, In Kyong O (Eunkyung Oh)ning doktorlik ishi O`zbekiston Fanlar akademiyasida ijtimoiy fanlar sohasidagi muvaffaqiyatli ishlardan deya baholandi.
Opponentlarning ma`ruzalari va professorlarning ilmiy ish yuzasidan bildirgan ijobiy fikrlari himoyaning yuqori darajada o`tganidan dalolat beradi. O`zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot instituti yosh doktoranti In Kyong O (Eunkyung Oh) mazkur ilmiy ish ustida 2010 yildan buyon shug`ullanib kelgan edi. Uning bu ilmiy ishi yuzasidan Folklor bo`limi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Mamatqul Jo`raev rahbarlik qilgan.






