O`zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa`dullaev “Darakchi” gazetasi o`quvchilarini kirib kelayotgan yangi yil bayrami bilan samimiy qutladi:
- Men nafaqat o`zim, balki san`atkorlar oilasi sifatida butun oilam nomidan “Darakchi” gazetasi o`quvchilarini va ijodkorlarini kirib kelayotgan yangi yil bilan qutlayman. Ushbu gazeta oilamiz a`zosi desam xato bo`lmaydi. Chunki har hafta xonadonimiz mehmoni bo`ladi. Kelgusi yilda ham o`quvchilar e`tiboridan qolmasligini tilayman.
L.Sa`dullaev darakchi.uz muxbiri bilan bo`lib o`tgan suhbatda teletomoshabinlarning eng sevimli dasturlaridan biri “Otalar so`zi – aqlning ko`zi” ma`naviy-ma`rifiy dasturini qayta tiklash niyatida ekanligini ma`lum qildi.
L.Sa`dullaevning ta`kidlashicha, ushbu dasturning yana efir yuzini ko`rishi “Keksalarni e`zozlash yili”da nafaqat yoshi ulug` insonlarning pand-nasihatlarining ekranga olib chiqilishini, balki yoshlarning bugungi tarbiyasi, ularning odob-axloqining yuksalishini ham ta`minlaydi. Ustoz san`atkor ushbu dasturni yangi nodavlat telekanal “MY5” orqali efirga uzatish maqsadga muvofiqligini alohida ta`kidlab o`tdi. Uning fikricha, ushbu kanal o`z dasturlarini efirga uzata boshlashi bilan yulduzdek porlab chiqdi. Barcha teletomoshabinlarni bir vaqtning o`zida atrofiga jamlay oldi.






