AsosiyJamiyat

Toshkent viloyatida 30 ga yaqin mansabdor shaxslarning gazdan qarzdor ekanligi ma`lum bo`ldi

"Toshkentgazta`minot" unitar korxonasi Toshkent viloyati bo`yicha qarzdorlar to`g`risida ma`lumot berdi. Ma`lum bo`lishicha, Chirchiq, Olmaliq shaharlari, Zangiota, Ohangaron, Piskent tumanlarida gazdan qarzdor shaxslar orasida mansabdorlar ko`pchilikni tashkil etadi, deb yozmoqda uz24.uz.

Unitar korxonaning gaz sotish va uni hisobga olish xizmati etakchi muhandisi Mirsalim Ismoilovning aytishicha, aholi foydalangan tabiiy gaz haqini vaqtida to`lamayapti, tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarmayapti. Qarzdorlar ro`yxatida rahbarlarning, byudjet tashkilotlarida ishlaydiganlarning borligi ajablanarli hol.

Bu haqda “Toshkent haqiqati” gazetasida chop etilgan “Mansabdorlarga qarzdorlik yarashmaydi” sarlavhali maqolada qayd etilishicha, zangiotalik qarzdorlarning biri nomdor fermer, yana biri yaxshi daromadli korxona rahbari... "Islom Fayz baraka", "Abror Hojiakbar fayz", "Abduazim agro", "Said Murod mehribon" kabi tadbirkorlik sub`ektlari rahbarlarining qarzi ayniqsa salmoqli.

Shuningdek, maqolada Ohangaron tumanidagi maktab, kollej, stomatologiya poliklinikasi, fermerlar uyushmasi, bandlikka ko`maklashish markazi, veterinariya bo`limida ishlayotgan rahbarlar qarzdorlar ro`yxatida etakchilik qilishayotgani, chirchiqlik ayrim iste`molchilar sog`liqni saqlash va ta`lim dargohlarida mas`uliyatli lavozimlarda ishlasalarda, kommunal to`lovlardan qarzlarini to`lashni paysalga solayotgani hamda piskentlik "kazo-kazolar" ham gazdan qarzdor ekani oshkor etiladi.

Bu holatni maqola muallifi mansabdorlar o`rtasidagi “qarzdorlik bo`yicha kimo`zar musobaqasiga” tenglashtiradi. “Qarzlari million so`mdan oshgan odamlar qanday tinch uxlashadi? Ular tuman va viloyatning kommunal to`lov bo`yicha ko`rsatkichlarini qanchalar ortga tortayotganlarini bilisharmikin?”, - deb savol beradi muallif.

Debitor qarzdorlikni kamaytirish uchun qarzdorlarga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, sud idoralariga topshirishni izchil yo`lga qo`yish va katta qarzlari bor iste`molchilarni ta`minotdan uzish orqali to`lovlarni undirish talab etiladi.

Qayd etilishicha, ism-sharifi va qarzi ko`rsatilgan ro`yxatda mansabdor shaxslar deyarli 30 nafarni tashkil etadi.

    Boshqa yangiliklar