Qoraqalpog`iston Respublikasida tashish faoliyati bilan noqonuniy shug`ullangan 506 nafar jismoniy shaxsdan 69,2 million so`m miqdorda jarima undirildi, deya xabar bermoqda O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Axborot xizmati.
2014 yilning 10 oyi davomida O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentigi Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`limi tomonidan, Respublika YHXBB hamda mahalliy soliq idoralari bilan hamkorlikda o`tkazilgan 121 ta qo`shma reyd tadbirlarida lisenziya talab va shartlari buzilishi bilan bog`liq 703 holat aniqlandi, 876 holatda esa tegishli lisenziya bo`lmagani holda yo`lovchi va yuk tashish faktlari qayd qilindi.
Mazkur faktlar yuzasidan 506 nafar jismoniy shaxsning noqonuniy faoliyatiga doir ma`lumotlar soliq organlariga yuborilib, pirovardida sud orqali ularga jami 69,2 million so`m miqdorda jarima solindi.
Agentlik tomonidan Jizzax viloyatida o`tkazilgan 19 ta qo`shma reyd davomida ham noqonuniy shug`ullangan 36 nafar jismoniy shaxs aniqlandi. Ular tegishli lisenziya varaqalarisiz, ya`ni g`ayriqonuniy ravishda yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanayotganligi qayd etildi. Huquqbuzarlik faktlari belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, chora ko`rish uchun soliq idoralariga havola qilindi.





