AsosiyJamiyat

2000dan ortiq nogironlar holidan xabar olish rejalashtirilmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1992 yilda 3 dekabr “Xalqaro nogironlar kuni” deb e`lon qilingan va butun dunyoda keng nishonlanib kelinmoqda, deb yozmoqda O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi rasmiy sayti.   
Har yili “3 dekabr - Xalqaro nogironlar kuni” 3-5 dekabr kunlari nogironlar uchun bayram tadbirlari tashkil etish, ularga sovg`alar ajratish orqali nishonlanib kelingan. Joriy yilda ushbu kunni mehr-muruvvat oyligini (30 noyabridan 30 dekabrigacha) o`tkazish orqali keng nishonlanmoqda.
Mehr-muruvvat oyligi davomida quyidagi tadbirlar amalga oshirish ko`zda tutilgan:
nogironlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida har bir tuman (shahar)larda kamida 50 nafardan (jami 9600 nafardan ziyod) nogironlarga bepul yuridik maslahat xizmatlari ko`rsatish;
Oliy Majlis, viloyat va tuman kengashlarining deputatlari bilan uchrashuvlar (respublika bo`yicha 200 dan ziyod hududlarda) tashkil etish hamda nogironlarni saylov punktlarida ovoz berishlari uchun zarur shart-sharoitlar (maxsus yo`lakchalar, ko`zi ojiz nogironlar uchun shart-sharoitlar) yaratish;
3 ming nafar nogironlarni bepul tibbiy laborator-funksional tekshirishlardan o`tkazish, davolash hamda sog`lomlashtirish;
Nogironlar jamiyati, “Nuroniy” jamg`armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi bilan birgalikda 2 ming nafar yotib qolgan nogironlarning uylariga borib holidan habar olish hamda ularga zarur ijtimoiy-maishiy xizmatlar ko`rsatish;
homiylik yordamida qo`shimcha 190 nafar nogironlarga aravacha, 965 nafar nogironga eshitish moslamasi, 4 ming nafarga yaqin xassa, 3,8 mingta qo`ltiq tayoq ajratish;
2015 yil davomida har bir tuman va shaharlarda kamida beshtadan (jami 965 ta) markaziy chorraxalarni nogironlar to`sqinliksiz harakatlanishi nuqtai nazardan qayta kapital ta`mirlash va barcha maxsus vositalar bilan to`liq jihozlash;
har bir hududda nogironlar kirishi va foydalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan tijorat va ijtimoiy infratuzilma ob`ektlari ko`rik tanlovini o`tkazish;
nogironlik masalalariga bag`ishlangan teleroliklar va hujjatli filmlar namoyishini tashkil etish, o`tkaziladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish, ko`rsatuvlarni subtitr yoki surdo tarjima bilan ta`minlash;
193 ta tuman va shaharlarda nogironlar uchun kvotalangan ish o`rinlari maxsus mehnat yarmarkalarini o`tkazish va har bir tumanda kamida 50 nafardan (jami 10 ming nafarga yaqin) nogironlarni kvota ish o`rinlariga joylashtirish, nogironlar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratish choralarini ko`rish. Shuningdek, oylik davomida 250 dan ziyod ommaviy-madaniy va xayriya tadbirlari, uchrashuvlar, davra suhbatlari va turli ko`rgazmalar tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarni amalga oshirishda 230 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlari faol ishtirok etadilar.
“Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan 2014 yil 1-dekabr kuni “O`zbekistonda nogironlar huquqlari, ijtimoiy himoya va imkoniyatlar tengligini ta`minlash – ustuvor vazifa” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o`tkazildi.

    Boshqa yangiliklar