Joriy yilda ilk bora Xalqaro Nogironlar kuniga bag`ishlangan “Farqlilar va tenglar birligi” festivali o`kazilmoqda, deya xabar qilmoqda uz24.uz.
Festival barcha odamlarga ularning jismoniy va boshqa farqlariga qaramay teng imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan. Shuningdek, mazkur festival doirasida jamoatchilik e`tiborini nogironlar obro`si, huquqlari, farovonligini himoya qilish masalalariga qaratish hamda ular jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotiga qo`shishi mumkin bo`lgan hissasi haqida jamoatchilikni xabardor qilish ko`zda tutilgan.
Festivalda BMTning “Nogironlar huquqlari to`g`risida”gi konvensiyani ratifikasiya qilishga tayyorgarlik ko`rish bo`yicha Milliy ish rejasi ham taqdim etiladi. Mazkur loyiha video-rolik ko`rinishida namoyish etiladi.
Ushbu tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti, O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va O`zbekiston NNTlarining maslahat kengashi bilan birgalikda tashkil etilgan.
BMTning Umumjahon sog`liqni saqlash tashkiloti statistikasiga ko`ra, nogiron insonlar dunyo aholisining taxminan 15 foizini tashkil etib, dunyoning eng yirik ozchiligi deb hisoblanadi.
Har yili 3 dekabr kuni nishonlanuvchi Xalqaro Nogironlar kuni jamoatchilikni nogironlar masalalari to`g`risida xabardor qilish, nogironlarning turmush sharoitlarini yaxshilash hamda ular uchun boshqa insonlar bilan teng imkoniyatlarni yaratish maqsadini ko`zlaydi. Ushbu kun, 1992 yilda BMTning Bosh Assambleyasi rezolyusiyasi bilan qabul qilingan.





