IIV ma`lumotiga ko`ra, o`tgan haftada respublikada 232ta yong`in qayd etilgan bo`lib, natijada 9 kishi jabr ko`rgan va uch kishi halok bo`lgan, deb yozmoqda podrobno.uz.
Navoiy va Andijon viloyatlarida sodir bo`lgan ikki hodisada yosh bolalar jabr ko`rganligi kishini g`azablantiradi.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida yong`in fuqaro T.Akbarovning 3 yashar o`g`lining hazili sabab yuzaga kelgan. Natijada xonada turgan belanchak, shuningdek undagi bola jabr ko`rdi. Tanasi kuygan bola o`z vaqtida kasalxonaga etkazildi.
Andijon viloyati Qo`rg`ontepa tumanida yashovchi Sh.Ochilova xonadonida esa qarovsiz qoldirilgan sham sabab uyga o`t ketdi. Buning natijasida uy egasinig endigina bir yoshga to`lgan qizi jarohatlandi.
Bundan tashqari Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida ro`y bergan yong`inda ham odam kuyishi kuzatildi. Bu hodisa mast holatda sigaret chekkan A.Mahmudov uyida sodir bo`ldi.
O`tgan haftada o`t o`chiruvchilar tomonidan 957.8 million so`mlik uy-joy va 733.2 million so`mlik tovar-moddiy boyliklar saqlab qolindi.





