AsosiyShou-biznes

“Bunyodkorlik epopeyasi” hujjatli filmining taqdimoti bo`lib o`tdi

Respublika Kinochilar uyida “O`zbekkino” milliy agentligi ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasida tasvirga olingan “Qo`shiqqa aylangan umr”, “Chempion oilalar”, “Bunyodkorlik epopeyasi” nomli hujjatli filmlarning ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun namoyishi va film ijodkorlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi, deya xabar bermoqda O`zA.
«Qo`shiqqa aylangan umr» hujjatli filmida O`zbekiston xalq hofizi Ma`murjon Uzoqovning hayoti va ijodi haqida hikoya qilinadi. Ustoz san`atkorning milliy qo`shiqchiligimizga qo`shgan munosib hissasi haqida taniqli ijodkorlar, musiqashunoslar, xonandalar, oila a`zolari, yaqinlarining yorqin xotiralari, hikoyalari kartinaning ta`sirchanligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etgan. Xalqimizning sevimli hofizi haqidagi ushbu filmni Feruza To`raxo`jaeva ssenariysi asosida rejissyor Murod Odilov suratga olgan.
«Chempion oilalar» filmi Sog`lom bola yiliga bag`ishlangan bo`lib, uni Zabarjad Bobojonova ssenariysi asosida rejissyor Raisa Raldugina suratga olgan. Hujjatli kartina mamlakatimizda yosh avlodni jismonan sog`lom va ma`nan barkamol insonlar etib tarbiyalash, bolalar sportini rivojlantirish haqida hikoya qiladi. Filmda dunyoda sport, san`at va fan sifatida qadrlanayotgan shaxmatning nainki bolalar, kattalar, balki jamiyat hayotidagi ahamiyati nufuzli xalqaro turnirlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan o`zbekistonlik yosh shaxmatchi bolalar hayoti, ular voyaga etayotgan oilaviy muhit misolida ochib berilgan.
«Bunyodkorlik epopeyasi» hujjatli filmida mohir fotograf, o`z kasbining ustasi Abdug`ani Jumaev faoliyati haqida so`z yuritiladi. Film qahramoni istiqlol yillarida mamlakatimizdagi bunyodkorlik ishlarini, ayniqsa, poytaxtimizda qad rostlagan ulkan inshootlarning qurilish jarayonlarini, quruvchilarning fidokorona mehnatini fotosuratlarga muhrlagan. Dilfuza Qo`zieva ssenariysi asosida rejissyor Akmaljon Ibrohimov suratga olgan ushbu filmda mamlakatimizdagi tinch va osoyishta, to`kin, farovon hayot, ulkan bunyodkorlik ishlari aks ettirilgan. 

    Boshqa yangiliklar