Erdan 500 million kilometr uzoqlikda «Rozetta» kosmik kemasidan ajralib, Churyumov-Gerasimenko kometasiga qo`ngan «Fili» moduli texnik muammolarga uchragani ma`lum bo`ldi, deb xabar bermoqda National Geographic.
Dastlabki muammo qo`nish bilan bog`liq bo`lib, modul ilk urinishda kometa yuzasiga yaxshi o`rnasha olmagan va biroz ko`tarilib, ikkinchi urinishdagina kometaga qo`nishga muvaffaq bo`lgan.
Qo`nishdan biroz vaqt o`tgach esa modul signali yo`qolgan: «Rozetta» ufq ortiga o`tib qolgani sababli ma`lumotlarni jo`natolmay qolgan. Biroq keyin aloqa qayta tiklangan va hozirda kometa yuzasining yangi suratlari kutilmoqda.
Eslatib o`tamiz, Evropaning «Rozetta» nomli zondi (atmosferaning yuqori qatlamlarini tekshirish uchun mo`ljallangan apparat)ning tushiriladigan moduli — «Fili» Toshkent vaqti bilan 12 noyabr soat 21:03 da Churyumov-Gerasimenko kometasiga qo`ndi. Tarkibida «Fili» moduli bo`lgan «Rozetta» apparati fazoga 2004 yil mart oyida Fransuz Gvianasida joylashgan Kuru kosmodromidan uchirilgan edi.





