AsosiyDunyo

Rossiyada 12 yoshli o`spirin uch uka-singillarini yonayotgan uydan olib chiqdi

Rossiya Federasiyasi Tiva Respublikasidagi Sukpas qishlog`ida 12 yoshli Adiy Mongush ismli o`spirin yonayotgan uydan uch nafar uka-singillarini qutqarib chiqardi. Bu haqda TASS xabar bermoqda. Uy deyarli to`liq yonib ketdi, biroq o`spirin sharofati bilan oilaning barcha a`zolari tirik qoldi.

Ko`p farzandli oilaning ota-onasi uch oylikdan 12 yoshgacha bo`lgan bolalarni o`smir yigitga tashlab, uydan chiqib ketadi. Bolalar televizor ko`rayotgan, Adiy uyni tozalayotgan vaqtida yong`in boshlanadi. Yigitcha deraza oynasini stul bilan sindirib, dastlab uch oylik ukasini ko`chaga olib chiqadi, uni erga yotqizib, yana uyga qaytadi. Shu tariqa, o`spirin o`z uka-singillarini uydan olib chiqadi.

Adiy, yong`inni ko`rib uyga otilib kirgan otasini ham qutqarib qoldi: o`spirin ukalarini uydan olib chiqqanini aytib, otani o`tga o`zini urishdan to`xtatib qoldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining Respublika bo`yicha bosh boshqarmasi yosh qutqaruvchini davlat mukofoti bilan taqdirlash uchun hujjatlarni tayyorlamoqda.

 

    Boshqa yangiliklar