Jizzax viloyatida istiqomat qiluvchi uch farzandning onasi o`z qizini do`pposlab, bo`g`ayotgan erini pichoq bilan o`ldirdi va jasadni yoqib yubordi. Bu haqda «Huquq» gazetasiga tayanib, Uz24.uz xabar bermoqda.
Bir o`g`il va ikki qizning otasi quda-andali bo`lish yoshiga etganiga qaramay tayinli ishlamas, bir amallab topgan pulini esa ichkilikka sarflab yuraverdi. U ko`pincha mast holda kelib, ayolini urar, bolalarini haqoratlarga ko`mib tashlardi.
2013 yilning yozida u ishlash uchun Qozog`istonga yo`l oldi. Ko`p o`tmay ortga qaytdi va yana ichkilikka mukkasidan ketib, har kuni janjal ko`tara boshladi.
Kuzning yakunida tug`ilgan kuni bo`lgan ota shu kuni ham mast bo`lib, janjal boshladi. Bundan jahli chiqqan qizi «uchastka noziriga xabar beraman», deb chiqib ketdi. Uning ortidan onasi va kichik singlisi ham izlab chiqdi. Uyga qaytib kirmoqchi bo`lgan ona va uning qizlari eshik qulfligini ko`rib, tashqarida bir-ikki soat kutib o`tirdi. Ular eshikni qo`shnisining yordami bilan ochib, uyga kirdi.
Tun yarmida uyg`onib ketgan erkak ayoli va farzandlarini yana bo`lmag`ur so`zlar bilan haqoratlay boshladi. U qizining «ko`p janjal qilavermang», degan xitobiga «menga gap qaytaryapsanmi?», deb sochiga yopishdi va uni yiqitib, bo`g`a boshladi. Qizini qutqarishga oshiqqan ayol esa erining elkasiga ketma-ket uch marta pichoq sanchib o`ldirdi. Ertasi kuni ayol farzandlarining yordami bilan erining jasadini palosga o`rab, tunda yaqin atrofdagi zovurga olib borib, yoqib yubordi.
Ammo tez orada mish-mishlar bolalab ketdi. Bu gaplardan xabar topgan erkakning yaqinlari haqiqatni bilgach, jasadni topib, ekpertizaga olib bordi. Jasad qabrga ekspertizadan so`ng qo`yildi.
Jizzaxlik ayol esa qilmishi uchun 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Unga berilgan jazo muddati amnistiya aktiga binoan to`rtdan bir qismga qisqartirildi.





