Konstitusiyaning 93-moddasi 23-bandiga muvofiq, O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov amnistiya to`g`risidagi hujjatni qabul qilish haqida Oliy Majlis Senatiga taqdimnoma kiritgan edi hamda mazkur taqdimnoma asosida amnistiya aktining loyihasi Oliy Majlis Senatining o`n oltinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan muhokama qilinib, u haqda qaror qabul qilindi.
Mazkur yildagi amnistiya aktining o`tgan yillardagidan farqli tomonlari mavjudligini alohida ta`kidlash lozim.
Eng katta o`zgarishlardan biri, Jinoyat kodeksining 168-moddasida ko`rsatilgan jinoyatni, ya`ni firibgarlik jinoyatini sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni to`liq qoplamagan shaxslarga amnistiya akti qo`llanilmaydigan bo`ldi. Bunday bandning kiritilishi firibgarlik natijasida moddiy zarar ko`rgan jabrlanuvchilarning foydasiga xizmat qilishi shubhasiz.
Shuningdek, muqaddam amnistiya akti bo`yicha jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod bo`lgan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga amnistiya akti qo`llanilmasligi haqidagi qoidalarga o`zgarish kiritildi. O`tgan yillarda ushbu qoida faqat uch toifa shaxslarga tadbiq etilar edi. Joriy yildagi amnistiyaga ko`ra, bu barcha shaxslarga taalluqli ekanligi belgilandi.
Ya`ni muqaddam amnistiya akti qo`llangan ayollar, voyaga etmaganlar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlatlar fuqarolari, I va II guruh nogironlari yana qasddan jinoyat sodir etgan bo`lsa, ularga amnistiya akti tadbiq etilmaydi. Avval bunday tartib-qoida yo`q edi. O`tgan yillarda yuqorida sanalgan toifadagi shaxslar amnistiya akti asosida jazodan ozod bo`lib, yana qasddan jinoyat sodir etgan bo`lsa ham, ularga nisbatan amnistiya akti yana qo`llanilar edi.
Bundan tashqari, yana bir yangiliklardan biri, joriy yilda muqaddam afv etish tartibida jazodan (javobgarlikdan) ozod qilingan shaxslar yana qasddan jinoyat sodir etgan bo`lsa, ularga nisbatan ham amnistiya akti qo`llanilmaydi.
Joriy yildagi asosiy o`zgarishlar shulardan iborat.
Endi asosiy savolga javob beramiz: Joriy yilda amnistiya akti kimlarga nisbatan qo`llaniladi?
Mazkur hujjatning 1-bandiga muvofiq, quyidagi mahkumlar jazodan ozod qilinadi:
a) ayollar;
b) jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to`lmagan shaxslar;
v) 60 yoshdan oshgan erkaklar;
g) chet davlatlar fuqarolari;
d) I va II guruh nogironlari, shuningdek ushbu Qaror kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni o`tashga to`sqinlik qiladigan og`ir kasalliklarga chalingan deb topilgan shaxslar.
Qarorning 2-bandiga muvofiq, ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek qasddan ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan yoki uncha og`ir bo`lmagan jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinishi belgilandi.
Qarorning 3-bandiga ko`ra, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, o`talmay qolgan jazo muddati ikki yil-u olti oydan ko`p bo`lmagan, hukmi ushbu Qaror e`lon qilingan kunga qadar qonuniy kuchga kirgan mahkumlar jazodan ozod qilinishi belgilangan.
4-bandga muvofiq, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun birinchi marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilib, tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan shaxslar jazodan ozod qilinishi ko`zda tutilgan.
Qarorning 5-bandida kimlarga nisbatan yuritilayotgan jinoyat ishlari tugatilishi haqida bayon qilingan. Unga ko`ra, ushbu Qarorning 1 va 2-bandida qayd etilgan shaxslar, ya`ni ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to`lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlat fuqarolari, I va II guruh nogironlari, shuningdek ushbu Qaror kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni o`tashga to`sqinlik qiladigan og`ir kasalliklarga chalingan deb topilgan shaxslar, ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etgan shaxslar, shuningdek qasddan ijtimoiy xavfi katta bo`lmagan yoki uncha og`ir bo`lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etganlar tomonidan qilingan jinoyatlar yuzasidan olib borilayotgan barcha ishlar tugatiladi. Mazkur bandning ahamiyati shundaki, yuqoridagi shaxslar jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi, bu esa shu toifadagi shaxslar sudlanmagan deb topiladi degani.
Qarorning 6-bandida amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilinmaydigan shaxslarning jazo muddatini ma`lum bir qismga qisqartirish haqida bayon qilingan. Bunga ko`ra,
a) qasddan sodir etgan jinoyati uchun o`n yildan ko`p bo`lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning o`talmay qolgan jazo muddati – uchdan bir qismiga;
b) qasddan sodir etgan jinoyati uchun o`n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning o`talmay qolgan jazo muddati to`rtdan bir qismiga qisqartiriladi.
Qarorning 7-bandida, amnistiya aktiga tushmaydigan shaxslar ro`yxati sanalgan. Unga ko`ra, mazkur uzoq muddatga yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan; o`ta xavfli residivist deb topilgan; jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan; jazoni o`tash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxslarga; muqaddam afv etish yoki amnistiya tartibida jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilingan va yana qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga; shuningdek o`lim jazosi afv etish tartibida ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirilgan shaxslarga tadbiq etilmaydi.
Shuningdek,
– ushbu Qaror 1-bandining amal qilishi – o`ta og`ir jinoyat sodir etgan shaxslarga;
– ushbu Qaror 1-3, 5-bandlarining amal qilishi – O`zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etgan va etkazilgan moddiy zararni to`liq qoplamagan shaxslarga;
– 1-3, 5, 6-bandlarining amal qilishi – taqiqlangan tashkilotlar faoliyatidagi ishtiroki, ular tarkibida tinchlik va xavfsizlikka qarshi yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlangan shaxslarga nisbatan tadbiq etilmasligi belgilangan.
Qarorning 8-bandida O`zbekiston Oliy Majlisi Senatining tegishli qo`mita va komissiyalari ushbu Qarorning qo`llanilishi tartib-taomillarining ochiq-oshkoraligi amalga oshirilishida senatorlar va deputatlar korpusining bevosita ishtirokini ta`minlashi belgilab qo`yildi.
Ushbu Qaror amalga oshirilishi yuzasidan mas`ullik Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatildi (9-band). Shuningdek, 10-bandga ko`ra, amnistiya akti to`g`risidagi Qaror e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi va uch oy mobaynida ijro etilishi lozim.





