O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 fevral kuni O`zbekiston – AQSh siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo`yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uellsni qabul qildi. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlab, o`zaro ishonch va hurmatga asoslangan ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil may oyida Amerika Qo`shma Shtatlariga rasmiy tashrifi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergan tarixiy voqea bo`lgani qayd etildi.
Turli darajalarda faol muloqot olib borilmoqda, tomonlar uchun manfaatli yo`nalishlar bo`yicha ko`p qirrali hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Shu ma`noda, dolzarb masalalar va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilish uchun siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmidan yanada samarali foydalanish muhimligi ta`kidlandi.
AQShning etakchi kompaniya va banklari bilan savdo-iqtisodiy va investisiyaviy-texnologik hamkorlikni yanada kengaytirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.
O`tgan yili oktyabr oyida AQSh savdo vaziri U.Rossning O`zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent shahrida ilk bor tashkil etilgan Amerika biznesi haftaligini o`tkazish amaliyotini davom ettirish zarurligi alohida ta`kidlandi.
Uchrashuvda Afg`onistondagi vaziyatni tinch yo`l bilan hal etish, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Davlat kotibi yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uells davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp va Davlat kotibi Maykl Pompeoning salomlarini etkazdi.
Amerikalik diplomat bugun Toshkentda bo`lib o`tgan siyosiy maslahatlashuvlarning ettinchi davrasi natijalaridan mamnun ekanini ta`kidladi.
Mehmon O`zbekistonda iqtisodiyotni modernizasiya qilish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarni yuksak baholadi.
AQShning mamlakatlarimiz o`rtasidagi ko`p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash va kengaytirish borasidagi intilishi qat`iy ekani ta`kidlandi.






