Toshkent shahrining qoq markazi sanalgan Sayilgoh va Zarafshon ko`chalari kesishmasida o`rnatilgan installyasiya buzib tashlanmoqda. Bu haqda "Xalq so`zi" nashri xabar berdi.
Amir Temur xiyobonining old qismi bo`lgan, xalq tilida "Brodvey" nomi bilan mashhur ko`chada o`tgan yili qizil rangdagi ushbu haykal o`rnatilgandi. Ba`zi o`rinlarda ushbu haykalning afsonaviy qush timsoli ekani aytilgan bo`lsa, ba`zi manbalarda uning ajdar timsoli ekanini yozishgandi.
Mazkur ob`ekt o`rnatilgach, jamoatchilikning noroziligiga sabab bo`lgan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari "Toshkentni bunday "arzon" va tushunarsiz bezaklardan qutqarish" lozimligini ham ta`kidlashgandi.






