Ayni kunlarda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, O`zbekiston Respublikasi Jizzax viloyat Milliy gvardiyasi, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha viloyat Kengashi va Jizzax Davlat pedagogika institutining psixolog o`qituvchilari hamkorligida joylarda “Barchasi o`z qo`lingda” targ`ibot dekadasi bo`lib o`tmoqda. Dekada doirasida profilaktik hisobda turuvchi voyaga etmaganlar bilan psixologik suhbatlar, tungi reydlar, davomad reydlari o`tkazilmoqda.
Dekadaning birinchi manzili Baxmal hamda Do`stlik tumanlari bo`ldi. Baxmal tumanida 79 ta umumiy o`rta ta`lim maktabi bo`lib, ularda 32 ming 224 nafar, 10 ta kasb-hunar kollejida 2 ming 735 nafar o`quvchi yoshlar tahsil oladi.
Ishchi guruh tomonidan o`tkazilgan reydlar davomida 1- va 3-umumiy o`rta ta`lim maktablarida umumiy o`quvchilarning 1 foizi sababsiz darsda qatnashmayotgani, Baxmal qishloq xo`jalik kasb-hunar kollejida 25 foiz o`quvchi-yoshlar dars mashg`ulotlarida ishtirok etmayotgani. Shuningdek, tuman markazida joylashgan yakka tadbirkor J.Asadov va M.Po`latovlarga tegishli bo`lgan kompyuter xizmatlari shoxobchalarida 3 nafar voyaga etmagan yosh bemaqsad o`tirganligi aniqlandi.
— Yoshlarning internet kafelar va boshqa turli ko`ngilochar joylarda vaqtini bekorchi o`yinlarga sarflayotgani ko`p kuzatilmoqda, vaholangki, ta`lim muassasalarida dars mashg`ulotlaridan so`ng bepul to`garaklar faoliyati yo`lga qo`yilgan, — deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bo`lim boshlig`i To`lqin Ahmedov. — Dekadada ushbu to`garaklar faoliyati bugungi o`quvchini qoniqtiradimi, nega ayrim yoshlar maktab to`garaklari emas, ko`chadagi “to`garaklar”ga oshiqmoqda, degan savollarga javob topishga harakat qilyapmiz. O`quvchi-yoshlarni ta`lim muassasasiga, to`garaklarga jalb etishda maktab ma`muriyati, yoshlar etakchisi va psixolog mas`uliyatini kuchaytirish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqdik.
Dekada ishchi guruhi yoshlar ittifoqining ta`lim muassasalaridagi boshlang`ich tashkilotlari uchun Baxmal Ijtimoiy-iqtisodiy va pedagogika kasb-hunar kollejida Ekstremizm, terrorizm, aqidaparastlik, mutaassiblik, prozeletizm, missionerlik tushunchalari hamda Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan ishlash bo`yicha o`quv seminar tashkil etdi. Do`stlik tumanidagi Barkamol avlod bolalar ijodiyot markazida ta`lim muassasalaridagi psixologik o`qituvchilar uchun master klass o`tkazildi.
Malakali psixologlar Do`stlik tumanidagi 9 nafar profilaktik hisobda turuvchi voyaga etmaganlarning har biri bilan alohida suhbat o`tkazib, aniqlangan holatlar bo`yicha ta`lim muassasi psixologlariga ular bilan doimiy ishlashlari uchun tegishli ko`rsatmalar berdi.
Barkamol avlod bolalar ijodiyot markazida Tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan profilaktik hisobda turuvchi voyaga etmaganlar uchun bepul tibbiy ko`rik ham o`tkazildi. O`tkazilgan tibbiy ko`rik tahlilliari bo`yicha tegishli tibbiyot markazlariga va mutaxassislariga yo`llanmalar berildi.
— Tarbiya uchun faqt men masul emasman, o`qituvchi ham bolaning tarbiyasiga qarasin-da, — deydi Do`stlik tibbiyot kolleji o`quvchisi A.Hakimovning onasi. — Men bolamni erta tongdan kollejga jo`nataman, uning tarbiyasiga bolam faqat uyda bo`lgan paytdagina men mas`ulman. O`qituvchi nima ish qiladi o`zi...
Farzand tarbiyasiga befarq qarayotgan onaga ham tuman ichki ishlar bo`limi, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Dekada doirasida Baxmal va Do`stlik tumanlari yoshlarini bir erga jamlash, ularga ko`tarinki kayfiyat ulashish, yurt taqdiriga daxldorlik hissini uyg`otish, mahallalardagi ishsiz yoshlar o`rtasida sog`lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida “Street workout” sport musobaqalari tashkil etildi. Tumanlar markazida yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchiliklarni oldini olishga qaratilgan chiqishlar va sahna ko`rinishlari namoyishi va galakonsert taqdim etildi.






