AsosiyJamiyat

2020 yilda Buxoro islom madaniyati poytaxti sifatida e`tirof etiladi

'2020 yilda Buxoro islom madaniyati poytaxti sifatida e`tirof etiladi'ning rasmi

Buxoroda o`tkazilayotgan birinchi xalqaro ziyorat turizm forumi doirasida O`zbekistonni ziyorat turizm markazlaridan biri sifatida e`tirof etish bo`yicha Buxoro deklarasiyasi tuzilgani haqida xabar berilgan edi.

Mazkur deklarasiyadan ko`zlangan maqsad va uning ahamiyati haqida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Oqqulov quyidagilarni so`zlab berdi:

– Ziyorat turizmi bo`yicha Buxoro deklarasiyasini Ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha Islom tashkiloti hamda Jahon sayyohlik tashkiloti ma`qullagach, biz qabul qildik. Forumda ishtirok etayotgan davlatlarning o`ndan ortig`i mazkur hujjatni imzoladi.

Ushbu hujjat O`zbekistonning, xususan Buxoro shahrining ziyorat turizmi bo`yicha salohiyatini yana bir bor e`tirof etish, Ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha Islom tashkiloti tomonidan 2020 yilda Buxoroni islom madaniyati poytaxti sifatida e`lon qilinganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Forum doirasida Malayziya, Indoneziya, Singapur, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika, Turkmaniston va Qozog`iston bilan memorandum tuzilgani O`zbekistonning turizm salohiyatini yanada namoyon etishda qo`l keladi. Ikkinchi tomon sifatida piar markazimiz ishtirok etdi.

Memorandum imzolagan davlatlar mamlakatimizning turizm salohiyatini o`z mamlakatlarida targ`ib qiladi. Bu borada biz ularga kerakli ma`lumotlar, foto, videolarni taqdim etgan holda stend va roliklar bilan yaqindan ko`maklashamiz.

Forum davomida ishtirok etgan davlatlar soni borgan sari ko`paydi. Aslida biz rasman 23 ta davlatdan vakil taklif etgan edik. Keyin Buxoro viloyati hokimligi bilan ishlayotgan va ishlamoqchi bo`lgan investorlar forum haqida eshitib, bevosita hokimlik orqali tadbirda ishtirokchi sifatida qo`shildi. Forum ishtirokchilarini ikki toifali deyish mumkin.

Birinchisi, dunyo islom olamidagi mashhur shaxslar va dinshunos olimlar bo`lsa, ikkinchisi jahon turizm sanoati etakchilaridir.

Shuningdek, forumda 14 ta xorijiy OAV vakillari O`zbekistonning yangi formatdagi tadbirini yoritishda ishtirok etmoqda. Xalqaro miqyosda o`tkazilayotgan tadbir nafaqat milliy OAVda, balki nufuzli xorijiy OAV vakillari tomonidan dunyo ommasiga taqdim etildi.

O`zA xabariga ko`ra, forum ishtirokchilari ayni vaqtda Samarqanddagi qadamjolarni ziyorat qilishmoqda.

    Boshqa yangiliklar